O‘zbekistonda bukmekerlik to‘g‘risida qonun ishlab chiqiladi 

Jamiyat

image

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish maqsadida Qonun loyihasi ishlab chiqish taklif etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda ham onlayn qimor, ayniqsa, yoshlar orasida sportga pul tikish (betting) ommalashib bormoqda. Buning oqibatida oilaviy nizolar, turli xil ko‘ngilsiz hodisalar yuzaga kelmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bukmekerlik sohasidagi munosabatlar qonun bilan tartibga solinmaganligi jamiyatda bu borada yuzaga kelayotgan muammoning asosiy sabablaridan biridir”, deydi deputat.

G‘aniyev garchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabrdagi PF-5887-sonli Farmoni bilan  2021 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish nazarda tutilib, ushbu faoliyat uchun litsenziyalar Moliya vazirligi tomonidan berilishi belgilangan bo‘lsa-da, lekin amaliyotda bukmekerlik faoliyatini tashkil etish hamda litsenziyalash bo‘yicha aniq mexanizm Hukumat tomonidan xaligacha ishlab chiqilmaganiga e’tibor qaratgan. 

Shuningdek, farmonda mas’ul vazirlik va idoralarga 2020 yil 1 iyunga qadar bukmekerlik faoliyati bo‘yicha Jinoyat kodeksi (JK) va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJtK) tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritish topshirilganiga qaramay, bu topshiriq ijrosi bajarilmay qolgani eslatilgan.

“Demak, amaldagi qonunlarmizga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston Respublikasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (jumladan, bukmekerlik faoliyati) tashkil etish MJtKning 191-moddasi va JKning 278-moddasiga asosan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan bukmekerlik faoliyatini qonun jihatdan tartibga solish maqsadida Qonun loyihasi ishlab chiqish taklif etilmoqda”, deydi G‘aniyev.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining ba’zi qonunlariga, xususan, Fuqarolik kodeksi, JK, MJtK, Soliq kodeksi va boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmlari, litsenziya berish tartib-taomillari, bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar, bukmekerlik sohasi ustidan davlat nazorati, qimor va garov o‘yinlarida ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar uchun qo‘yiladigan talablar, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarni qimor va garov o‘yinlari (betting)dan himoya qilish masalalari  hamda bukmekerlik faoliyati qoidalarini buzganlik, kelishilgan o‘yinlar o‘tkazish va ularda qatnashish uchun javobgarlikni belgilashga oid normalarni aks ettirish maqsad qilingan.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yig‘ilishida ham muhokama qilingan.

“Muhokamada fraksiyadan mas’ul deputat sifatida, qonun loyihasida faqatgina mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan Respublika hududida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish hamda bukmekerlik xizmatini ko‘rsatuvchi barcha norezident kompaniyalariga O‘zbekiston bank tizimidan to‘lovlar amalga oshirilishini taqiqlash, shuningdek, bukmekerlik faoliyati reklamasi va targ‘ibotiga ruxsat bermaslik, jismoniy shaxslarga qimor o‘yinlarida o‘ynashi ruxsat etiladigan pul miqdorlarining maksimum chegarasini belgilash kabi normalarni ham aks ettirish taklifini ilgari surdim”, degan deputat.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

113

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing