O‘zbekistonda ayollar jamiyati tuziladi. Unga har yili 50 mlrd ajratiladi
Jamiyat
−
07 mart 2022
5273O‘zbekistonda har yili 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladigan “Olima ayollar jamiyati” tuziladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tantanali tadbirdagi nutqida aytib o‘tdi.
“Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz deb ota-bobolarimiz bejiz aytishmagan.
...Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish – bu igna bilan quduq qazishga barobar. Men o‘zim shu sohadan chiqqanim uchun bu ishning naqadar qiyin va murakkab ekanini yaxshi bilaman. Shuning uchun ham oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam matonat va jasorat sohibalari deb bilaman va yuksak qadrlayman”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi o‘quv yildan boshlab:
• magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullarini to‘liq byudjetdan qoplab berish uchun har yili 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
• doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun, har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida “Olima ayollar jamiyati” tuziladi. “Olima ayollar jamiyati”ga har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Joriy va kelgusi yilda shu kabi maqsadlarga 1,8 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
LiveBarchasi