O‘zbekistonda antidemping siyosati ishlab chiqiladi
Jamiyat
−
09 sentabr 2122 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning noyabr oyigacha antidemping siyosati ishlab chiqiladi. Bu haqda Prezident joriy yilning 27 avgust kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, antidemping choralarini qo‘llashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonun va Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada sifatsiz va demping narxdagi import mahsulotlarga nisbatan antidemping choralarini qo‘llash hamda bojxona boji stavkalarini qayta ko‘rib chiqish nazarda tutiladi.
Ma’lumot uchun, xorijiy kompaniya o‘z mahsulotini o‘z mamlakatidagi ichki narxidan yoki o‘ziga tushish tannarxidan sezilarli darajada arzon narxda boshqa davlatga eksport qilishi demping deyiladi. Bunday siyosatdan maqsad – raqobatchilarni bozordan siqib chiqarish va vaqt o‘tib o‘sha bozorda monopoliya o‘rnatish.
Antidemping esa ichki bozorni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xorijdan olib kirilayotgan arzonlashtirilgan (demping narxdagi) tovarlardan himoya qilishga qaratilgan iqtisodiy va huquqiy choralar tizimi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ayrim import mahsulotlari demping narxda yoki kontrafakt sifatida kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilgan edi.
Live
Barchasi