O‘zbekistonda amaldorlar ko‘pincha korrupsiya bilan shug‘ullanib, jazosiz qolgan – AQSH

Jamiyat

image

Avvalroq, AQSH Davlat departamenti O‘zbekistondagi inson huquqlari bo‘yicha vaziyat yuzasidan 2020 yil uchun hisobot e’lon qilgani haqida xabar bergandik.

Davlat departamenti hisobotida korrupsiya muammosi hamda hukumatda oshkoralikning yo‘qligi masalasiga ham to‘xtalib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, qonunchilikda amaldorlarga korrupsiya uchun jinoiy jazo ko‘zda tutilgan, ammo hukumat qonunni samarali amalga oshirmagan va amaldorlar ko‘pincha korrupsiya bilan shug‘ullanib, jazosiz qolgan.

AQSH hisobotida o‘tgan yilning 24 iyun kuni organ xodimlari Toshkentning Chilonzor tumani hokimiyatidagi Kapital qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘ini 50 ming AQSH dollari miqdorida pora olishda ayblab hibsga olgani haqida yozilgan. Unga ko‘ra, pora qimmat yer uchastkasini ro‘yxatdan o‘tkazishga yordam olish uchun berilgan. Tergovchilar hibsga olingan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘agan.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilning 19 noyabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat agentligi 2020 yilda davlat hizmatchilarining korrupsiya huquqbuzarliklari natijasida yetkazilgan zarar 200 milliard so‘mdan (20 million AQSH dollari) oshgani to‘g‘risida xabar bergan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan korrupsiyaga oid 838 ta jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, ular doirasida 454 ta holat bo‘yicha 647 ta mansabdor shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularning aksariyati (40,3 foiz) mulkni o‘g‘irlashda ayblangan. 

“Jinoiy javobgarlikka tortilganlarning 4 nafari davlat darajasidagi, 15 nafari viloyat darajasidagi, 626 nafari shahar va tumanlar darajasidagi mansabdor shaxslardir. Bundan tashqari, 7 nafari shahar hokimining o‘rinbosarlari, 57 nafari Sog‘liqni saqlash vazirligining xodimlari, 8 nafari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xodimlari, 15 nafari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining xodimlari, 89 nafari Xalq ta’limi vazirligining xodimlari, 36 nafari Maktabgacha ta’lim vazirligining xodimlari, 13 nafari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosidan, 59 nafari Ichki ishlar vazirligining xodimlari, 2 nafari Milliy gvardiyadan, 6 nafari Davlat soliq qo‘mitasidan va 3 nafari Mudofaa vazirligidan. Bundan tashqari, korrupsiyada ayblanayotganlar orasida 34 ta bank rahbarlari va 184 ta davlat ulushi bo‘lgan korxonalarning rahbarlari bor”, deyilgan hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, o‘tgan yilning 1 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyalari sakkiz milliard so‘m (766 ming AQSH dollari) miqdorida pulni o‘zlashtirgani haqida xabar bergan.

“Bir nechta sudyalar va ularning yordamchilari Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan til biriktirdilar. Ular yo‘l harakati qoidalarini buzish bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atmasdan taxminan besh mingta soxta qarorni qabul qilishdi. Ular ishlarni tomonlarning ishtirokisiz ko‘rib chiqdilar va ba’zi ma’muriy ishlarni maqsadli yo‘q qilib davlat byudjetiga zarar yetkazdilar”, deyilgan xabarda. 

Qayd etilishicha, agentlik Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar ma’muriy sudining sudyalari va boshqa xodimlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

O‘tgan yilning 17 dekabr kuni ommaviy axborot vositalarida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida elektr energiyasi, tabiiy gaz va ko‘mir yetkazib berishda 1525 ta korrupsiya holatlari aniqlangani va bu jinoyatdan zarar 59 milliard so‘mni (5,6 million AQSH dollari) tashkil qilgani haqida xabar berilgan. Shuningdek, hisobotga ko‘ra, prokuratura va soliq organlari ko‘mirni sotib olish va sotish bilan bog‘liq 110 ta jinoiy holatni aniqlagan.

Xalqaro bosimga javoban, 5 fevral kuni hukumat 2016 yildan beri “konstitutsiyaga qarshi faoliyatni rejalashtirish” va ekstremistik tashkilotda qatnashganlikda ayblanib qamoqda bo‘lgan Aramais Avakianni ozod qildi. Arman millatiga mansub xristian Avakianga qarshi ayblov mahalliy hokimiyat uning muvaffaqiyatli baliqchilik xo‘jaligini majburlash yo‘li bilan egallab ololmaganidan so‘ng qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

275

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing