O‘zbekistonda alifbo islohoti bo‘yicha qonun qabul qilindi
Jamiyat
−
07 iyul 9739 3 daqiqa
Bugun, 7 iyul kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
.png.jpg)
Qayd etilishicha, qonun loyihasi bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topishi, shuningdek, ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining amaliyotda samarali va bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlashga qaratilgan qator takliflar bildirilgan.
Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutilgan.
Bildirilishicha, mazkur yondashuv davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi. Natijada davlat byudjeti mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinadi, qo‘shimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda alifbodagi o‘zgarishlarni amalga oshirish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul, bosqichma-bosqich tartibda ta’minlanadi.
Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini va imlo qoidalarini yanada takomillashtirishga hamda davlat tilini qo‘llash va raqamlashtirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, 1929 yil 1 dekabrda O‘zbekiston arab xatidan lotin alifbosiga o‘tgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng Respublikada o‘zbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga o‘tkazish haqida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonuni e’lon qilindi. Yangidan qabul qilingan o‘zbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi.
1993 yilda joriy etilgan alifboni va shu asosda tayyorlangan “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni muhokama qilish jarayonida bir qator taklif va tavsiyalar qilindi, tanqidiy fikrlar bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995 yil 6 may kuni alifboga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun qabul qildi. Bu hujjatga binoan 1) yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekanligi belgilandi; 2) C c, Ɉ ɉ harflari alifbodan chiqarib tashlandi; 3) Ç ç, Ğ ğ, Ş ş, Ñ ñ harflarining shakli esa isloh qilindi. Yangi alifbo asosida ishlash 1996 yildan boshlanishi qayd etilgan edi.
2004-05 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish va takomillashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi 2021 yilning mart oyida e’lon qilingandi.
Live
Barchasi