O‘zbekistonda “Al-Buxoriy” xalqaro sputnik telekanalini ochish taklif etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Al-Buxoriy” xalqaro sputnik telekanali tashkil etiladi. Unda musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan mamlakatlar tillarida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini namoyish etiladi. Bu haqdagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan bildirildi.

Kecha, 23 dekabr kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ziyorat turizmini rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan.  Unda Prezident maslahatchisi – Xalqaro islom akademiyasi rektori Rustam Qosimov va Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ishtirok etdi. 

Tadbirda, shuningdek, ziyorat turizmi sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, Akademiya olimlari hamda Qo‘mita vakillari ishtirok etdi. 

“2018-2019 yillarda vizasiz rejim joriy etilgan Indoneziyadan tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimi - 170 foizga, Malayziyadan - 158 foizga, Turkiyadan – 154 foizga, BAAdan keluvchi musulmon sayyohlar soni 153 foizga oshdi. Shunisi diqqatga sazovorki, “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” (Global Muslim Travel Index) reytingida O‘zbekiston 10 pog‘ona (32-o‘rindan 22-o‘ringa) yuqorilab, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan “eng jozibador” hamda “xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori” bo‘lgan 10 mamlakat qatoridan o‘rin oldi. Shu bilan birga, mamlakatimiz “Halal Travel Frontier 2020” hisobotida islomiy merosni qayta tiklash orqali musulmonlar turizmi bozorida yangi trendga asos solgan mamlakat sifatida e’tirof etildi”, deydi Aziz Abduhakimov. 

Tadbir doirasida Akademiya tomonidan sohada mavjud imkoniyatlardan ziyorat turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish, Akademiya binolari, konferensiya zallari va talabalar turar joylaridan xorijiy talaba va tadqiqotchilar uchun “Akademik turizm” va MDH davlatlari imomlari uchun “Imams’ tour” ma’rifiy turlarni tashkil etishda samarali foydalanish, turizm yo‘nalishida tashrif buyurgan xorijiy tadqiqotchilar uchun Akademiyaning resurs markazi va kutubxonasidan foydalanish imkonini yaratish, Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar — Shayxontohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralarida sayyohlarni kirib-chiqish sharoitlarini yanada qulaylashtirish kabi takliflar bildirildi.

Aziz Abduhakimov, o‘z o‘rnida, “Al-Buxoriy” xalqaro sputnik telekanalini ochish va unda musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan mamlakatlar tillarida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini namoyish qilib, targ‘ibot kampaniyasini kuchaytirishni, shuningdek innovatsion muzey hamda Ziyorat turizmi markazi tashkil qilishni taklif etdi. 

Tadbir yakuniga ko‘ra, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv asosida Qo‘mita mutaxassislari tomonidan Akademiya talabalari uchun malaka oshirish darslarini o‘tkazish, xalqaro miqyosdagi ekspertlar va O‘zbekistonning ziyorat turizmi elchilari ishtirokida ma’ruzalar, xorijiy turfirmalar ishtirokida talabalar uchun mahorat darslari, sohaga oid qator tadbirlarni tashkil etish, hamkorlikda ilmiy va ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga erishiladi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

27

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing