O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasi ishlab chiqiladi

Jamiyat

image

Ijtimoiy himoya inson rivojlanishining ajralmas qismi bo‘lib, aholiga kafolatlangan daromad va ijtimoiy xizmatlarni olish uchun sharoit yaratadi va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshiradi. Ijtimoiy himoya siyosati uy xo‘jaliklari daromadlarini oshirish va ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali, iqtisodiyotda ichki talabni oshirish, tarkibiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash, siyosiy barqarorlik va munosib ish o‘rinlarini yaratish hamda inklyuziv rivojlanishni kafolatlash uchun asos yaratadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish hamda aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida vazifalar belgilangan.

Ushbu vazifalarni bajarish, shuningdek 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yilning 17 fevral kuni 2021–2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan F-5634 sonli Farmoyishi imzolandi. Ushbu Farmoyish bilan 2021-2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi va strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi va strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur Konsepsiya doirasida: 

  • aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasi ishlab chiqiladi va unda ijtimoiy himoya sohasida ijtimoiy yordam va xizmatlarning bazaviy kafolatlari belgilanadi, ilg‘or amaliyotlarda qabul qilingani kabi onalikni himoya qilish va vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarini ijtimoiy sug‘urta tizimiga kiritish hamda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish masalasi o‘rganiladi;
  • barcha kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olish maqsadida ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun ariza beruvchilarning muhtojlik darajasini aniqlash jarayonlarini soddalashtirish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash jarayonlarini tezlashtirishga e’tibor qaratiladi;
  • davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash uchun berilayotgan subsidiyalar samaradorligini oshirish maqsadida ijtimoiy kontrakt tizimini joriy etish ko‘zda tutiladi. Davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida ijtimoiy xizmatlarni individual ijtimoiy moslashuv dasturlari orqali taqdim etish tizimi ishlab chiqiladi.
  •  Mazkur Farmoyishga ko‘ra, joriy yilning 1 noyabriga qadar vazirliklar va idoralari, ilmiy muassasalari, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va Jahon bankining yetakchi mutaxassislaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan 2030 yilgacha aholini ijtimoiy himoya Milliy strategiyasi loyihasi hamda uni amalga oshirishning uch yillik rejasi ishlab chiqiladi. Strategiyada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar ushbu xalqaro hamkorlar bilan birgalikda hisoblab chiqiladi.

Farmoyishda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari kambag‘allikni kamaytirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda ayollar, erkaklar, shu jumladan yoshlar va nogironlarni to‘liq, foydali va munosib ish bilan ta’minlashga yordam beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

21

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing