O‘zbekistonda 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi
Jamiyat
−
16:41 1170 2 daqiqa
O‘zbekistonda 5 ta hududlararo sud tashkil etilib, ularga taftish instansiyasining vakolatlari beriladi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimotida so‘z boradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqotda sudlar faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi loyihasi taqdimot qilingan.
Qayd etilishicha, “Odil sudlov – 2030” strategiyasi aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027 yil 1 iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.
Qayd etilishicha, kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi ko‘proq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030 yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida ta’minlanadi.
Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juz’iy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi.
Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yadi.
Live
Barchasi