O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi mumkin bo‘lgan sohalar aytildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda IT, banklar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ilm-fan kabi nomoddiy ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yurituvchi xodimlar 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi mumkin. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan tahlillar shunday xulosaga kelishga imkon bermoqda.

O‘zbekistonning Yevropa amaliyotidagidek 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini, ilmiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqqan. Buning uchun, birinchi navbatda, ish haftasining qisqarishi mehnat unumdorligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi tahlil qilingan.

O‘zbekistonda 4 kunlik ish haftasining mehnat unumdorligiga ta’sirini tahlil qilish uchun PMTI mutaxassislari respublika bo‘yicha mehnat unumdorligi va bir soatlik ish vaqtidagi mehnat unumdorligini hisoblab chiqqan.

Korrelyatsion tahlil natijalariga ko‘ra, mehnat unumdorligi va ish soatlari o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi aniqlangan – korrelyatsiya koyeffitsiyenti - 0,40. Shunday qilib, O‘zbekiston sharoitida 4 kunlik ish haftasiga o‘tish bo‘yicha jahon amaliyotini iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qo‘llash maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelingan. Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, sanoatda ish soatlari va mehnat unumdorligi o‘rtasidagi korrelyatsiya koyeffitsiyenti - 0,45 ni tashkil etgan. 

“Bu yuqori korrelyatsiyani tasdiqlaydi. Buning asosiy sabablari ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashtirilmaganligi, deb hisoblaymiz”, deyiladi tadqiqotda.

Shunga qaramay, PMTI mutaxassislari 4 kunlik ish haftasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan sohalarni aniqlashga harakat qilgan. Shunda bu tartibni nomoddiy ishlab chiqarish sohalari ya’ni, IT sohasi, banklar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ilm-fan bilan bog‘liq sohalarda qo‘llash mumkin, degan xulosaga kelingan.

“Aytib o‘tish joizki, IT-sohasidagi xodimlarning aksariyati ancha moslashuvchan ish tartibiga ega. Banklarning 4 kunlik ish haftasiga o‘tishi moliyaviy operatsiyalarni sekinlashtirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ishi hissiy, aqliy, asabiy taranglikni kuchaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar uchun ish vaqti haftasiga 36 soatdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilangan (Mehnat kodeksining 118-moddasi). Biroq, tahlil natijalariga ko‘ra, ta’lim (korrelyatsiya koyeffitsenti -0,15), sog‘liqni saqlash (-0,21), IT-sohasi (-0,09), ilmiy faoliyat (-0,07) va moliya tizimida (-0,06) ish soatlari va mehnat unumdorligi o‘rtasida korrelyatsion bog‘liqlik mavjud emas. Bu esa o‘z navbatida ushbu sohalarda ish vaqtini qisqartirish imkoniyatlari mavjud ekanligidan dalolat beradi”, deyiladi institut taqdim etgan ma’lumotda.

Tahlil natijalari mehnat faoliyatining bir yilda qancha davom etishi mehnat unumdorligiga ta’sir qiluvchi yagona va asosiy omil emasligi, ammo ularning o‘zaro bog‘liq ekanligi va bunga shubha yo‘qligini ko‘rsatgan. 

“Yuqoridagi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, mehnat unumdorligini sifat jihatidan yana-da oshirish va xodimlarning mehnat va dam olish vaqtini uyg‘unlashtirish nuqtai nazaridan ish haftasini qisqartirish uchun shart-sharoitlar mavjud”, deyiladi ekspertlar xulosasida.

Buni bir necha usul bilan amalga oshirish mumkin:

•    to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tish;
•    xodimlarni qo‘shimcha “o‘zgaruvchan” dam olish kuni bilan ta’minlash;
•    ish vaqtini qisqartirish.

Moslashuvchan ish jadvaliga o‘tish va ish haftasini qisqartirish bir qator imtiyozlarni shakllantirishda yordam beradi. Bu esa o‘z navbatida, umumiy ish samaradorligiga ta’sir qiladi va ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yaxshilaydi:

Birinchidan, xodimlarning sog‘lig‘i yaxshilanadi: qo‘shimcha dam olish kuni xodimlarga yaxshi dam olish va ish uchun kuch to‘plash imkonini beradi.

Ikkinchidan, aholining, xususan, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligini oshirish orqali ishsizlikka qarshi samarali kurash ta’minlanadi.

Uchinchidan, xodimlarning ishtiyoqi kuchayadi, muhim vazifalarni tez va sifatli bajarishda fikrini jamlay oladi, ish vaqtini yo‘qotish qisqaradi.

To‘rtinchidan, ish vaqtini qisqartirish ekologiya va transportga tushadigan zo‘riqishni, shuningdek, yonilg‘i va energiya sarfini kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Beshinchidan, ko‘ngilochar va madaniyat sohasini rivojlantirishga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Oltinchidan, aholi turmush darajasi yaxshilanadi. Vaqtni oila davrasida o‘tkazish, sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, madaniy saviyasini yuksaltirish, sport bilan shug‘ullanish, o‘z-o‘zini tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Umuman olganda, xorijiy amaliyotni o‘rgangan holda, shuningdek, hisob-kitob natijalariga ko‘ra, PMTI mutaxassislari O‘zbekiston sharoitida ayrim sohalarda 4 kunlik ish haftasiga o‘tish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1772

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing