O‘zbekistonda 150 turdagi zarur dori vositalarda uzilish bo‘lishi xavfi kutilmoqda
Jamiyat
−
12 aprel 2022 21052 2 daqiqa
O‘zbekistonda tashqi omillar hisobiga 150 turdagi zarur dori vositalarda uzilish bo‘lish xavfi mavjud. Shuningdek, mamlakatda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yo‘q, amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasi ishlamaydi. Bu haqda bugun, 12 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholini farmatsevtika mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, yangi turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
“Hududlarni dori vositalari bilan ta’minlanganini tahlil qildim – bu mutlaqo qoniqarsiz. Shuning uchun o‘zimizda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ko‘paytirish bo‘yicha keskin choralar ko‘rishimiz shart”, deydi Prezident.
Qayd etilishicha, barcha farmatsevtika korxonalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Ular tomonidan 50 ga yaqin muammo o‘rtaga tashlangan. Jumladan:
• tibbiyot muassasalari tomonidan davlat xaridlarida dori vositalarini “savdo nomi” bilan joylashtirish, bir necha dorilarni bitta lotga qo‘yish holatlari mavjud;
• mahalliy ishlab chiqaruvchilar amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasidan foydalana olmayapti;
• tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun kerakli dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjud;
• korxonalar bilan mahsulotini 3 yil davomida kafolatli sotib olish (ofteyk) tizimini joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanmadi.
Bundan tashqari, ichki bozorda qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yo‘q.
Misol uchun, 2021 yilda 24 turdagi qalbaki, 400 turdagi sifatsiz, 1,5 mingdan ziyod nomdagi kontrafakt va 2,5 ming nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlangan. Bosh prokuraturaga bu boradagi nazoratni kuchaytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatda yiliga 1,6 milliard dollarlik 1,5 mingdan ziyod turdagi farmatsevtika mahsulotlari iste’mol qilinadi. Shundan 647 turdagi dori va tibbiy buyumlar o‘zimizda ishlab chiqarilgani bilan, har yili qariyb 1,2 milliard dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg‘onada iste’mol qilinadigan dorining atigi 2−5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr