O‘zbekistonda havo harorati 60 darajadan oshdimi?
Jamiyat
−
12 iyul 2019
18918O‘zbekistonda yozning chillasi keldi deguncha, odamlar orasida "harorat pasaytirib aytilyapti", degan gaplar quloqqa chalinadi. Haqiqatdan ham harorat pasaytirib aytiladimi, yoki uydagi simobli harorat o‘lchagich va mutaxassislarning harorat o‘lchagichi o‘rtasida farqlar bormi? Bu savolga Gidrometeorologiya xizmati markazi javob berdi.
"Yoz mavsumi ayni avjida va aholi o‘rtasida yana “sinoptiklar haroratning haqiqiy ko‘rsatkichlarini yashiradilar, aslida harorat kunduzi 47-50 daraja” degan gaplar yuribdi. Ba’zilar esa o‘z maishiy asboblari 60 darajani ko‘rsatayotganini aytmoqdalar. Bunday insonlarni ishontirish qiyin.
Shunday bo‘lsa ham, yana bir bor haroratning qanday o‘lchanishi to‘g‘risida ma’lumot beramiz.
Hozir aholi o‘rtasida haroratni aniqlaydigan maishiy termometrlar keng qo‘llanilmoqda. Ko‘pincha, bu asboblarning qabul qilish qismi, shahardagi elektron tablolarga harorat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazuvchi termometrlarning qabul qiluvchi qismlari tik quyosh nurlari yoki atrofdagi predmetlarning issiqlik nurlanishidan himoyalanmagan. Bunday holatda termometr havo haroratini emas, balki termometrning qabul qiluvchi qismi qizigan darajasini o‘lchaydi.
To‘g‘ri quyosh nurlari ostida (ochiq havoda) bo‘lgan inson havo haroratini emas, Quyoshdan kelayotgan, yer yuzasidan ko‘tarilayotgan hamda atrofdagi qizigan predmetlar o‘zidan chiqarayotgan energiya ta’sirida issiqlik bosimini his etadi. Avtomashinadagilar quyosh nurlari ta’sirida qizigan mashina korpusining issiqlik nurlanishini his qiladi. Chuning uchun tik quyosh ostidagi harorat soyaga qaraganda ancha yuqoridek seziladi.
Issiqlik nurlanishi omillari ta’sirini istisno qilish va meteorologik kuzatuvlarning taqqoslana olinishini ta’minlash maqsadida ular butun dunyoda Jahon Meteorologiya Tashkiloti qoidalariga muvofiq yagona uslubda va yagona standart sharoitlarda o‘tkaziladi. Xususan, havo harorati yer sathidan 2 metr balandlikda o‘rnatilgan maxsus shamollatiladigan meteorologik budkada o‘lchanadi. O‘lchov asboblari doimiy ravishda tekshiriladi, ularning ko‘rsatkichlari etalon asbob ko‘rsatkichlari bilan solishtiriladi.
Shuning uchun havo harorati to‘g‘risida aniq ma’lumotlarni bilmoqchi bo‘lsangiz, O‘zgidromet prognozlaridan foydalaning va ularga ishoning.
Shahar aholisi yoz jaziramasini yengilroq o‘tkazishi uchun quyuq soya beradigan daraxtlarni ko‘proq ekishi, aholining dam olishi uchun yashil xiyobonlar va serdaraxt parklar barpo etish, ariqlarni chiqindilardan tozalab suv bilan to‘ldirish zarur. Bularning barchasi shaharda maqbul mikroiqlim va ana shunday jazirama issiq kunlarda qulay yashash sharoitlarini yaratadi", deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, dunyoda eng yuqori havo harorati AQSHning Kaliforniya shtatidagi O‘lim vodiysi va Liviya cho‘lida qayd etilgan (57-58 daraja). O‘zbekistonda eng yuqori harorat Qizilqum cho‘lida va Termiz shahri yaqinida qayd etilgan (50 daraja). Toshkent shahrida yoz mavsumining absolyut maksimumi 44,6 darajaga teng.(1997 yil 18 iyul).
LiveBarchasi