O‘zbekistonda ham Spark ishlab chiqarish to‘xtatilyaptimi? UzAuto Motors javob berdi
Texnologiya
−
07 fevral 2022
26243Ijtimoiy tarmoqlarda General Motors 2022 yilning avgust oyidan Chevrolet Spark avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, Spark avtomobilini ishlab chiqarish allaqachon to‘xtagani haqidagi gap-so‘zlar ham urchiy boshladi.
Yuqoridagi gaplarga UzAuto Motors munosabat bildirib, bu mish-mishlar O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqarish rejasiga taaluqli emasligini rasman ma’lum qildi.
“Avval xabar berganimizdek, joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda Tracker avtomobili ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Chevrolet Spark avtomobili ishlab chiqarilishining to‘xtatilishi rejalashtirilmagan.
Hurmatli iste’molchilar, turli xil mish-mishlarga berilmaslikni va faqat ishonchli axborot kanallariga ishonishingizni so‘raymiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Amerikaning General Motors kompaniyasi Spark rusumli avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bergan.
Qayd etilishicha, General Motors o‘tgan yilda ushbu modelning sotuvi keskin pasayib ketganini va shu sababli ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaror qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Spark rusumli avtomobil joriy yildan boshlab ishlab chiqarilmaydi.
Xabarda ta’kidlanishicha, General Motors Spark o‘rniga Trax rusumli avtomobil ishlab chiqaradi.
Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda 9 915 dona Spark avtomobili ishlab chiqarilgan.
LiveBarchasi