O‘zbekistonda ham koronavirusga o‘xshash virus tarqaldimi?
Jamiyat
−
06 yanvar
13350Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning qator mamlakatlari bo‘ylab metapnevmovirus infeksiyasi avj olayotgani hamda ushbu xastalik COVID-19'dan ham xavfliroq ekani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, mazkur virus bilan xastalanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida har yili qayd etiladi. Metapnevmovirusning kuz-qish davrida yanada faollashuvi kuzatiladi. Bu infeksiya odatda burun oqishi, yo‘tal va isitma belgilari bilan, xuddi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar shaklida paydo bo‘ladi, ba’zi hollarda bronxiolit va pnevmoniyani keltirib chiqaradi. Kasallikni davolash odatda simptomatik bo‘lib, asosan uy sharoitida bemorning ahvolini yengillashtirishga qaratilgan muolajalar qo‘llanadi. Og‘ir holatlarda kislorodli terapiya yoki kasalxonaga yotqizish talab qilinishi mumkin. Metapnevmovirus bilan kasallangan odamlarning aksariyati asoratsiz tuzalib ketadi.
O‘zbekistonda ham ayni vaqtda o‘tkir respirator infeksiyalarning mavsumiy ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Respublikada ularning laboratoriya tekshiruvlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda va ana shunday tekshiruvlarning 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan.
“O‘tkir respirator kasalliklarning bunday ko‘tarilishi davrida aholini profilaktika choralariga rioya qilishga va odamlar gavjum joylarda, ayniqsa, kasallik belgilari yaqqol namoyon bo‘lib turgan fuqarolar bilan muloqotni cheklashga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra, metapnevmovirus birinchi marta 2001 yilda aniqlangan. Ushbu respirator infeksiyalarning so‘nggi laborator tahlillari natijasiga ko‘ra: 36,9 foizda gripp virusi, 30,2 foizda rinovirus, 28,6 foizda respirator-sinsitial virus, 1,2 foizda metapnevmovirus va 3,1 foizda boshqa viruslar aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xitoylik shifokorlar mamlakatda inson metapnevmovirusi (hMPV) tarqalishini qayd etgandi. Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan xabarga ko‘ra, mamlakatda 30 kishi Xitoyda tarqalayotgan virusga chalingan. Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasining aniqlik kiritishicha, epidemiya mavsumi boshidan buyon respublika bo‘yicha grippdan tashqari viruslarga 8360 ta namunalar tekshirilgan.
LiveBarchasi