O‘zbekistonda ham Bosh vazir iste’foga chiqarilishi mumkinmi? Konstitutsiyaviy sud raisi javobi
Jamiyat
−
16 yanvar 2020
30279Agar Oliy Majlis qonunchilik palatasi, Senat yoki Vazirlar Mahkamasi bir necha bor Konstitutsiyaga zid tarzda biror xujjat qabul qilsa nima bo‘ladi? Savolga javobni Konstitutsiyaviy sud raisi Baxtiyor Mirboboyev berdi.
Kecha, 15 yanvar kuni Oliy sud binosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi ma’ruzasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, elchi Jon Makgregor, Oliy sud vakillari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov va bir necha davlat elchilaridan iborat diplomatik korpus ishtirokida o‘tkazildi.
“Konstitutsiyaviy sud kollegial organ. Shu sababli uning bir sudyasi ishni ko‘rib chiqa olmaydi. Qaror maslahatlashuv asosida ko‘rib chiqiladi. Ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar normativ-huquqiy xujjat Konstitutsiyaga mos kelmasa, Konstitutsiyaviy sud majlisiga kiritilgan bo‘lsa, bu masala, albatta, ko‘rib chiqiladi.
Konstitutsiyaviy sud ikki xil qaror chiqarishi mumkin. Birinchisi, shu hujjat Konstitutsiyaga mos yoki bu hujjat Konstitutsiyaga mos emas, deb qaror chiqarishi mumkin. Agar Konstitutsiyaviy sud hujjatni Konstitutsiyaga mos emas deb qaror chiqarsa, qaror qabul qilingan paytdan boshlab shu normativ-huquqiy hujjat o‘zining kuchini yo‘qotadi.
Savol tug‘ilishi mumkin: Konstitutsiyaga mos bo‘lmagan hujjat qabul qilgan davlat organi yoki mansabdor shaxslarga nisbatan ularning yuridik javobgarligini belgilaydigan normalar bormi?
Bu savolning javobi Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarimizda o‘z aksini topgan. Masalan, Konstitutsiyamizning 95-moddasiga muvofiq – “Qonunchilik palatasi yoki Senat bir necha bor Konstitutsiyaga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyaviy sud bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida Oliy Majlisning qonunchilik palatasi yoki Senati tarqatib yuboriladi”, deya ma’lum qildi Konstitutsiyaviy sud raisi.
Mahkama rahbari, shuningdek, qonunchilikka zid qarorlar qabul qilinsa, Hukumat va Bosh vazir qanday javob berishi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq “Agar Vazirlar Mahkamasi bir necha marta Konstitutsiyaga mos kelmaydigan qaror qabul qilsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Bosh vazir lavozimidan ozod etiladi. Bizning qonunchiligimizga ko‘ra, Bosh vazir lavozimidan ozod etish Vazirlar Mahkamasining hamma a’zolarini iste’foga chiqishiga sabab bo‘ladi”, deydi Baxtiyor Mirboboyev.
Ma’lumot o‘rnida, “Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyat ko‘rsatishiga tahdid soluvchi, bartaraf etib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuzaga kelganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir necha bor O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilingan taqdirda Bosh vazir lavozimidan ozod etiladi.
LiveBarchasi