O‘zbekiston Jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi

Sport

image

Bugun, 5 noyabr kuni O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Paragvay terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etishga erishdi.

Uchrashuvning dastlabki bo‘limida O‘zbekiston terma jamoasi to‘p nazorati, zarbalar va uzatmalar bo‘yicha ustunlik qildi. 25-daqiqada Abubakr Shukurullayevning uzatmasidan so‘ng Azizbek Abdumo‘minov jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda, 45+2-daqiqada Muhammadali Musaxonovning uzatmasidan so‘ng Azizbek Abdumo‘minov ikkinchi golni ham kiritdi.

Hisobda oldinga chiqib olgan Islombek Ismoilov shogirdlari ikkinchi bo‘limni biroz xotirjam o‘tkazdi. Paragvay uchrashuvning 89-daqiqasida penaltidan hisobni qisqartirishga erishdi, biroq hisobni tenglashtirish uchun vaqt kamlik qildi. Shu tariqa O‘zbekiston U-17 terma jamoasi dastlabki uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi.

“J” guruhining ikkinchi uchrashuvida Irlandiya terma jamoasi Panamani yirik 4:1 hisobda mag‘lubiyatga uchratib, guruh peshqadamiga aylandi. Guruh bosqichining 2-turida O‘zbekiston va Irlandiya o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu bahs joriy yilning 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, U-17 Jahon chempionatining 12 ta guruhidan 1 va 2-o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri keyingi bosqichga yo‘l oladi. Shuningdek, eng yaxshi natija qayd etgan 8 ta jamoa ham 1/16 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Paragvay O'zbekiston U-17 Azizbek Abdumo'minov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing