O‘zbekiston Yaponiyadan 200 mln dollar qarz oladi
Jamiyat
−
19 mart 2023
10601O‘zbekiston Yaponiyadan meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish loyihasini moliyalashtirish uchun 200 mln dollar qarz oladi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2022 yil 29 avgustda O‘zbekiston va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘rtasida “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratishni rivojlantirish (2-bosqich)” loyihasini moliyalashtirish uchun 200,0 mln AQSH dollari, jumladan, kredit liniyasi uchun 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan yillik SOFR + 1,25 foiz stavkada 194,240 mln dollar miqdoridagi qarz ajratilishi bo‘yicha bitim imzolangan.
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 323,019 mln AQSH dollariga teng. Shundan 200 mln dollarini Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) qarzi, 58,272 mln dollarini esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar tashkil etadi. O‘zbekistonning loyihani amalga oshirishdagi ulushi 64,747 mln AQSH dollari bo‘lib, loyiha ishtirokchilarining (kredit oluvchilarning) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2023 — 2028 yillar) tashkil etadi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
• loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga kreditlar o‘zbek so‘mida taqdim etiladi;
• AQSH dollariga nisbatan o‘zbek so‘mining valyuta kursi tebranishlari tufayli yuzaga keladigan xarajatlar (keyingi o‘rinlarda — valyuta xatari) O‘zbekistonning respublika byudjeti hisobidan qoplanadi;
• loyiha doirasida loyiha tashabbuskorlariga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar loyiha tashabbuskorlariga Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi;
• kredit mablag‘lari loyiha tashabbuskorlariga mahsulot yetishtirish, saqlash, qadoqlash, qayta ishlash, shok usulida muzlatish, logistika (jumladan, yuk tashish texnikalarini xarid qilish) va boshqa quvvatlarni yaratish, oziq-ovqat sanoati loyihalariga, shuningdek, aylanma mablag‘lar uchun ajratiladi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida qarzning umumiy miqdoridan 0,2 foiz (400 ming AQSH dollari) miqdoridagi bir martalik oldindan to‘lov O‘zbekistonning respublika byudjeti hisobidan to‘lanadi, shundan 388,48 ming dollari loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari bilan qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimlar imzolangandan so‘ng ular tomonidan qoplab beriladi.
LiveBarchasi