O‘zbekiston va yana 6 davlat Afg‘oniston bo‘yicha 11 ta masalaga kelishib oldi 

Olam

image

Bugun, 27 oktyabr kuni Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning vakillari Tehronda muzokara o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda yetti mamlakatning Tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi

O‘zbekiston nomidan TIV rahbari Abdulaziz Komilov qatnashgan ushbu uchrashuv yakunida 11 bo‘limdan iborat qo‘shma bayonot qabul qilindi.  

Tomonlar inklyuziv hukumat yaratish va Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun yangi hukumat vakillari bilan haqiqiy muloqotni davom ettirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek:

Afg‘oniston bilan siyosiy va mintaqaviy hamkorlik, iqtisodiy integratsiyani kengaytirish zarur.

Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillar va elchixonalar xodimlarining uchrashuvlari uchun esa alohida mexanizm yaratish kerak.

Xalqaro hamjamiyat Eron, Pokiston va afg‘on qochqinlarini qabul qilayotgan boshqa qo‘shni davlatlarga yordam ko‘rsatishi kerak.

Afg‘onistondagi gumanitar inqiroz va respublika fuqarolarining mamlakatdan chiqib ketishining oldini olish uchun shoshilinch yordam ko‘rsatish zarur.

Xalqaro hamjamiyat mamlakat aholisiga koronavirusga qarshi kurashda yordam berishi kerak.

Shu bilan birga, bayonotda “Tolibon” hukumati uchun bir nechta shartlar mavjud:

•    “Tolibon” davlat organlari ishini, aholiga yordam berish va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash orqali mamlakatda tartib o‘rnatishi kerak;
•    Afg‘oniston hududidan hech bir davlat xavfsizligiga tahdid qilish uchun foydalanmaslik kerak;
•    “Tolibon” qo‘shnilariga nisbatan tinch siyosat olib borish orqali oldingi majburiyatlarini bajarishi kerak;
•    “Tolibon” terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va odam savdosiga qarshi kurashishi kerak;
•    Xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda Afg‘onistonning yangi hukumati qochqinlar muammosini hal qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Eron poytaxtida Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlarining bir kunlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Kun davomida umumiy muzokaralar bilan bir qatorda ikki tomonlama muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.

Muloqotning asosiy mavzusi Afg‘onistonda barcha etnik, siyosiy va ijtimoiy guruhlar ishtirokida inklyuziv hukumatni shakllantirishga yordam berish edi. Ushbu formatdagi uchinchi uchrashuv 2022 yilda Xitoyda bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

194

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing