O‘zbekiston va Turkmaniston orasida erkin savdo rejimi joriy etildi
Jamiyat
−
07 mart
3997Joriy yilning 25 fevralidan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rejimning joriy etilishi natijasida ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, o‘zaro tovarlar savdosidagi mavjud cheklovlar bartaraf etilgan va savdo tartibotlari soddalashtirilgan.
“Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari (bojxona to‘lovi 100%), to‘qimachilik matolari (50%), mebel (50%), shisha idishlar (50%), suv isitish qozonlari (15%), plastik va polipropilen mahsulotlar (10%), kolbasa va go‘sht mahsulotlari (1 kg uchun 2 dollar), paxta yog‘i (1 kg uchun 1 dollar) bojxona to‘lovlari bekor qilindi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, bojsiz savdo rejimining qo‘llanishi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish orqali o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga zamin yaratadi.
Shuningdek, mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda Turkmaniston bozoriga mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimidan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha muntazam tizimli ishlar olib borilishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo sherigiga aylangangani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi