O‘zbekiston va Turkiya harbiylarining Termizdagi mashg‘uloti yakunlandi

Jamiyat

image

Avvalroq Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi Termiz dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Mudofaa vazirlarining ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga asosan mazkur mamlakatlar Qurolli Kuchlarining maxsus bo‘linmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvlariga start berilgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kecha, 25 mart kuni Termiz dala-o‘quv maydonida mashg‘ulotning asosiy bosqichi o‘tkazilib, unda ikki davlat harbiylari birgalikda shartli qurollangan to‘dalarni turli sharoitlarda zararsizlantirish bo‘yicha amaliy harakatlarni olib bordi.

Taktik-o‘quv mashg‘ulotlarini Turkiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i armiya generali Yashar Guler hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bevosita kuzatib borgan.

Mashg‘ulot rejasiga ko‘ra, davlat chegarasini buzib o‘tishga uringan bir guruh noqonuniy qurollangan shartli dushman haqida razvedka ma’lumotlari olingan. Uchuvchisiz uchish apparati yordamida shartli dushmaning soni va jangovar imkoniyatlari, ular qo‘lga olgan hudud o‘rganilgan.

To‘plangan ma’lumotlarga asosan ikki davlat bo‘linmalari aviatsiya, yengil zirhlangan jangovar texnikalar va o‘t ochish vositalari yordamida dushman to‘dalariga ayovsiz zarba berib, ularning kuch tuzilmalarini yo‘q qilgan.

Maxsus-taktik o‘quvda nafaqat ikki davlat armiyasi, shuningdek, mamlakatimiz Qurolli Kuchlar tuzilmalari o‘rtasida hamkorlikda harakatlanish ko‘nikmalarini oshirishga ham e’tibor qaratilgan.

“Ta’kidlash kerakki, hamkorlikdagi o‘quv mashg‘uloti o‘zbek va turk harbiylari uchun o‘zaro tajriba almashish, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, eng muhimi, o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi”, deyiladi xabarda.

Maxsus-taktik o‘quvlar yakunida mashg‘ulotlarda faol qatnashgan har ikki mamlakat harbiy xizmatchilari munosib taqdirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing