O‘zbekiston va Turkiya harbiylari Termizda mashg‘ulot o‘tkazdi
Jamiyat
−
22 mart 2021
6398Bugun, 22 mart kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi Termiz dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Turkiya Respublikalari Mudofaa vazirlarining ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga asosan mazkur mamlakatlar Qurolli Kuchlarining maxsus bo‘linmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i polkovnik Laziz Usmonov, Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘lat Sativaldiyev va Turkiya Respublikasi maxsus operatsiya kuchlari brigadasi komandirining o‘rinbosari polkovnik Rushtu To‘redi va ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirok etgan.
Dala-o‘quv maydonida davom etgan o‘quvlarda harbiy xizmatchilar tajriba almashish uchun 15 kilometr majmuaviy maxsus taktik yo‘lagidan o‘tish, jangovar ikkilik, uchlik va to‘rtlik tarkibida yaqin jang elementlari bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy maxsus o‘q otish va qiyin sharoitlarda yashovchanlik holatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarga jalb etilgan.
Shuningdek, poligonda ishtirokchilar maxsus-taktik o‘quvi savollari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borishdi hamda o‘zbek va turk harbiylari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari 27 mart kuniga qadar davom etadi.
LiveBarchasi