O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarosi Hindistonda terakt uyushtirmoqchi bo‘lgani aytilmoqda
Olam
−
27 avgust 2022
11064O‘zbekiston fuqarosi A’zamov Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olindi. U bilan birga terrorchilik harakatini amalga oshirish maqsadida Hindistonga kirmoqchi bo‘lgan yana bir qirg‘izistonlik jangari tayyorgarlikdan o‘tayotgan bo‘lgan. Bu haqda bugun, 27 avgust kuni “Hindustan Times” gazetasi "tergov ma’lumotlariga" tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Turkiyadagi guruh o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazib, Hindistonga mahalliy siyosatchilarni o‘ldirish uchun O‘zbekiston fuqarosi va ismi oshkor etilmagan Qirg‘iziston fuqarosini yuborishni rejalashtirgan. Xabarlarga ko‘ra, ular Hindistonga Rossiya orqali o‘tish niyatida bo‘lgan, biroq A’zamov qo‘lga olinganidan keyin ikkinchi jangari Qirg‘izistonga jo‘nab ketgan.
Nashrning qayd etishicha, Hindiston xavfsizlik xizmatlari ushbu masala bo‘yicha Rossiya, O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi hamkasblari bilan aloqada bo‘lib, tergovga qo‘shilish uchun ruxsat so‘ramoqda. Hindiston razvedka xizmatlari ham 30 yoshli A’zamovni so‘roq qilish protokolini kutmoqda – ular rossiyalik hamkasblariga Hindiston hududida terakt tayyorlash mavzusi bo‘yicha aniq savollar ro‘yxatini yuborgan.
“Hindustan Times” shuningdek, Iordaniya razvedkasi hindistonlik hamkasblarini "Islomiy davlat" terrorchilik guruhiga Internet orqali ulangan Janubiy Hindistonning Tamilnad shtatilik talaba Mir Anas Ali haqida ogohlantirganini ta’kidlaydi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, uning "Islomiy davlat" xodimlari yigitga ismi oshkor etilmagan "muhim shaxsni" o‘ldirishni buyurgan. Talaba 31 iyul kuni Tamilnad politsiyasi tomonidan hibsga olingan va hozirda qamoqda qolmoqda.
O‘tgan dushanba kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi FXX Rossiya Federatsiyasi hududida terrorchilikni sodir etishni rejalashtirgan, Markaziy Osiyo mintaqasida tug‘ilgan, Hindistonning hukmron doiralari vakillaridan biriga o‘zini portlatish yo‘li bilan hujum qilmoqchi bo‘lgan “Islomiy davlat” terrorchilik guruhi a’zosini aniqlab, qo‘lga olgani haqida xabar berdi. Hibsga olingan shaxs Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarni haqorat qilgani uchun Hindistonda jinoyat tayyorlayotganini tan olgan.
Hukmron Bharatiya Janata partiyasi matbuot kotibi Nupur Sharma iyun oyida milliy televideniyeda bo‘lib o‘tgan munozara chog‘ida Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar haqida ko‘plab musulmonlar tomonidan haqoratomuz sifatida ko‘rilgan bir necha so‘zlarni aytgan. Uning so‘zlari Hindistonda va bir qator musulmon davlatlarida norozilik uyg‘otgan. Keyin Nyu-Dehli va mamlakatning boshqa shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bir necha kishi halok bo‘ldi. Natijada Sharma ishdan chetlashtirildi.
LiveBarchasi