O‘zbekiston uyg‘urlar masalasida qaysi tomonda?

Tahlil

image

Bugungi kunda uyg‘urlar dunyoda o‘z davlatiga ega bo‘lmagan 3 ta yirik millatdan biri hisoblandi. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning Shinjon uyg‘ur avtonom rayonida yashaydigan uyg‘urlar soni 10 milliondan ortadi. O‘tgan asrning 50-yillarida tashkil etilgan Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni bungacha sharqiy Turkiston deyilgan va bu hudud uyg‘urlarning tarixiy vatani hisoblanadi. 

Biroq, keyingi yillarda Xitoyning etnik uyg‘urlarga nisbatan qo‘llayotgan siyosati yuzasidan jahon hamjamiyatida ikki qutblik yuzaga keldi. 

Birinchi tomonda 24 mamlakatning (AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Yangi Zelandiya, Fransiya, Shveysariya, Yaponiya va boshqalar) fikricha, Xitoyning uyg‘urlarga bo‘lgan siyosati juda shafqatsiz. Ularga ko‘ra, XXRda qiynoq lagerlari (jamloqlar) tashkil etilgan va bu lagerda bir millionga yaqin uyg‘urlar bilan birga etnik kamchilikni tashkil etadigan boshqa millatlar ham bor. Mazkur 24 davlat yaqinda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga Xitoy Xalq Respublikasining Shinjonga nisbatan siyosatini tanqid qilgan holda kollektiv murojaat qilgan. 

Bunga javoban ikkinchi tomon ya’ni dunyoning 50 mamlakati (Saudiya Arabistoni, Rossiya, Afrikaning ko‘pgina davlatlari, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston,  Shimoliy Koreya, Venesuela, Kuba, Belarus, Filippin, Suriya, Pokiston, Ummon, Kuvayt, Qatar, BAA va Bahrayn kabi davlatlar) Xitoyda hech qanday qiynoq lagerlari yo‘qligini, Xitoyning aksilterror va deradikallashtirish siyosatini, xususan, qayta tarbiyalash markazlarining faoliyatini yuqori baholagan holda Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita raisi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga xat yuborgan. 

Unda Xitoyning Shinjon masalasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashlari, Xitoyning inson huquqlari sohasidagi ulkan yutuqlarini yuqori baholashlari qayd etilgan. Shu bilan birga, inson huquqlari masalasini siyosiylashtirish kerakmasligini eslatilgan. Bular safida Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo 28 mamlakat bo‘lib,  mazkur mamlakatlarning doimiy vakillari Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga kelib, bu yerdagi haqiqiy holatni o‘z ko‘zlari bilan guvohi bo‘lgan. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Shinjonga kelganlarning barchasi ko‘rgan va eshitgan narsalari G‘arb xabarlaridan juda farq qilishini aytadi.

“Deyarli uch yil davomida Shinjonda terrorizmning birorta portlashi ro‘y bermadi, jamiyat barqaror, etnik guruhlar birlashdi, oddiy odamlar tinch va osoyishta mehnat qilmoqda. 

Ko‘p millatli aholi orasida yutuq, baxt va xavfsizlik hissi sezilarli darajada oshdi, odamlar Hukumatning siyosatini samimiy qo‘llab-quvvatlamoqda. Shinjonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash inson haqiqati va sivilizatsiyasining yovuzlik va vahshiylikka qarshi kurashidir, uni qo‘llab-quvvatlash, hurmat qilish va tushunish kerak. 

Biz ushbu 24 mamlakat rasmiylari va vakillarini Shinjon-Uyg‘ur avtonom respublikasiga sayohat qilish, Shinjonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va tanishish uchun taklif qilamiz”, deydi Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Xua Chunin. 

Xitoy tomonining bildirishicha, terrorizm va ekstremizmning jiddiy tahdidlarning oldini olish maqsadida Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatida qonunga muvofiq terrorizmga qarshi va radikalizatsiya tadbirlari, shu jumladan, o‘quv markazlarini tashkil qilinishi, vaziyatni yaxshilagan. 

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Xitoy har qanday davlatning boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashish uchun inson huquqlari masalasidan foydalanish urinishlariga keskin qarshi, manfaatdor davlatlarni o‘z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishga, siyosatlashtirish va ikki tomonlama standartlardan voz kechishga, inson huquqlari niqobi ostida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Xitoy O‘zbekistonning eng yaqin hamkorlaridan biri bo‘lib, mazkur mamlakat O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p sarmoya kiritgan davlat hisoblanadi. 

Xitoy va uning kompaniyalari O‘zbekistonda neft-gaz razvedkasi va quvurlar qurish, infrastrukturani takomillashtirish, erkin iqtisodiy hududlarni yo‘lga qo‘yish, telekommunikatsiya, to‘qimachilik, irrigatsiya, energetika va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. 

Ikki davlatning munosabatlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida ham izchillik bilan olib borilmoqda. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing