O‘zbekiston Ummonni yirik hisobda mag‘lub etdi
Sport
−
12 iyun 2023 11082 1 daqiqa
Futbol bo‘yicha Toshkent mezbonligida o‘tgan “CAFA Nationʼs Cup” musobaqasining O‘zbekiston-Ummon uchrashuvi 3:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi O‘zbekiston terma jamoasining katta ustunligida o‘tdi. Raqib jarima maydonchasi qarshisida Jaloliddin Masharipovga nisbatan qoida buzildi va bahsning 7-daqiqasida uning o‘zi jarima zarbasini golga aylantirib, hisobni ochdi.
Shuningdek, bahsning 24-daqiqasida Masharipov ikkinchi bor Ummon darvozasini ishg‘ol qilib, o‘z nomiga dubl yozdirib qo‘ydi.
Birinchi bo‘limning asosiy vaqtiga bir daqiqa qo‘shib berildi. Bu bilan o‘zbekistonliklar 2:0 hisobida tanaffusga chiqadigan bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limning 60-daqiqasida dubl muallifi Jaloliddin Masharipov o‘rniga Hojimat Erkinov maydonga tushirildi.
Asosiy vaqt yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi. Faqat 89-daqiqada o‘ng qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonov ummonliklar darvozasiga 3-golni kiritdi. Uchrashuv bosh hakami tomonidan qo‘shib berilgan 4 daqiqa vaqt hisobdagi farqning o‘zgarishiga yordam bermadi.
Shu tariqa O‘zbekiston Ummonni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib dastlabki uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Ummon jamoalari bunga qadar 6 marotaba xalqaro va o‘rtoqlik uchrashuvlarida to‘qnash kelgan bo‘lib, ularning 2 tasida o‘zbekistonliklar, 4 tasida esa raqib jamoa g‘alaba qozongan.
Muhsinjon Umurzoqov
Live
Barchasi