O‘zbekiston to‘yga to‘yona qilib, Qatarni mag‘lub etdi (gollar)
Sport
−
10 iyun 19486 2 daqiqa
Bugun, 10 iyun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga saralashning so‘nggi o‘yinida Qatar milliy terma jamoasi bilan bahs olib bordi. Allaqachon JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “oq bo‘rilar” mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va muxlislar ko‘z o‘ngida g‘alaba qozonib, futbol jonkuyarlari bilan mundial chiptasini nishonladi.
O‘yinning 28-daqiqasida Azizbek Turg‘unboyev super gol urib, hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim to‘liq “oq bo‘rilar” ustunligida o‘tdi. 33-daqiqada mehmonlar vakili Abdulaziz Hatim qo‘pollik uchun sariq kartochka olgan bo‘lsa, oradan 7 daqiqa o‘tib, 40-daqiqada Bassam al-Ravi ham Abbosbek Fayzullayevga qarshi qoidani buzgani uchun sariq kartocha bilan “siylandi”. Bo‘lim davomida o‘zbekistonliklar yana bir nechta qulay vaziyatga ega bo‘ldi, biroq hisob boshqa o‘zgarmadi.
Ikkinchi bo‘lim ham mezbonlar ustunligida boshlandi. Bir necha hujumlar uyushtirildi. Biroq o‘yinning 62-daqiqasida super gol muallifi va bahsni yaxshi o‘tkazayotgan Azizbek Turg‘unboyev jarohat oldi. Shu sababli uning o‘rniga Jamshid Iskanderov maydonga tushirildi. Bo‘limning 67-daqiqasida qatarliklar futbolchisi mezbon jamoa futbolchisiga qarshi qo‘pollik ishlatdi. Mazkur vaziyatda hakamga norozilik bildirgani uchun mehmonlar sardori Akrom Afif sariq kartochka oldi. Birozdan keyin esa o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib berdi. Yuqori tempda davom etayotgan bahsning 84-daqiqasida Odiljon Hamrobekov va Jaloliddin Masharipov o‘rniga Hojimat Erkinov va Abdurauf Bo‘riyev maydonga tushirildi. Oradan 2 daqiqa o‘tib, 86-daqiqada esa Eldor Shomurodov hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Golni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bevosita stadiondan turib nishonladi. Oradan ko‘p o‘tmay, 91-daqiqada Shomurodov o‘rniga maydonga tushgan Igor Sergeyev hisobni yirik ko‘rinishiga keltirdi – 3:0. O‘yin shu tariqa yakunlandi.