O‘zbekiston Turkmaniston bilan chegarada yangi temir yo‘l stansiyasini ishga tushirdi
Jamiyat
−
28 may 2019
2607O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi tashuvlar sonini oshirish, tranzit yuklarni tashish, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borish maqsadida “Surxonobod” stansiyasi barpo etildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” xabariga ko‘ra, tantanali ochilish marosimida ushbu yangi yuk o‘tkazish maskani ikki mamlakatni bog‘lovchi “yangi darvoza” sifatida faoliyat olib borilishi haqida alohida qayd etildi.
Shu kunga qadar mamlakatning janubiy qismidagi tranzit tashuvlar qo‘shni Turkmaniston Respublikasining “Boldir” stansiyasi orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda eksport va import yuk aylanmasi yangidan bunyod etilgan “Surxonobod” stansiyasi orqali amalga oshiriladi. Stansiyada davlat chegarasini kesib o‘tadigan temir yo‘l hududida bojxona xizmati va boshqa nazorat turlarini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
“Boshtransloyiha” AJ mutaxassislari loyihasiga ko‘ra bunyod etilgan yangi temir yo‘l stansiyasi “Termiz maxsus qurilish” UK ishchi-xodimlari tomonidan barpo etilib, 34 ming metr kub tuproq ishlari amalga oshirildi va hudud atrofidagi 4 kilometrga yaqin temir-beton panjaralar bilan o‘raldi.
“Surxonobod” stansiyasi ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash, eksport va import xizmatlarini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eng muhimi ikki davlat xalqlari o‘rtasida o‘zaro qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi