O‘zbekiston Tojikistonni yirik hisobda mag‘lub etdi
Sport
−
17 iyun 2023
14316Bugun, 17 iyun kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida “CAFA Nationʼs Cup” turnirining 3-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bahsda O‘zbekiston va Tojikiston terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Teng kurashlar bilan boshlangan uchrashuvning birinchi bo‘limida raqib jamoa vakillariga qarshi qo‘pollik ishlatgan o‘zbekistonliklar darvozasiga jarima zarbasi belgilandi.
Bu imkoniyatdan unumli foydalangan Tojikiston 13-daqiqada hisobni 0:1 ko‘rinishiga keltirib oldi. Gol muallifi Parviz Umarboyev.
O‘zbekiston tomoni ikkinchi bo‘limda vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirish maqsadida jamoa sardori Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev va Odiljon Hamrobekovni maydonga tushirdi.
Tanaffusdan keyingi o‘yinda to‘liq ustunlik qayd etayotgan o‘zbekistonliklar 53-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Muvozanatni Jasur Yaxshiboyev tikladi.
Bobur Abdiholiqov ishlagan penaltini jamoa sardori golga aylantirib, O‘zbekistonni hisobda oldinga olib chiqdi. Shomurodov bu bilan Turkmanistonga qarshi o‘yinda o‘rnatgan shaxsiy rekordini yangilab qo‘ydi. Eldor terma jamoa safidagi 64-o‘yinida 37-golini urdi.
Ikkinchi bo‘lim avvalida o‘ynagan reja o‘z tasdig‘ini topdi. Taym avvalida maydonga tushirilgan Abbosbek Fayzullayev bahsning 72-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qilib, farqni ikkitaga yetkazib qo‘ydi.
Shuningdek, 83-daqiqaga kelib Tojikiston tomoniga hech qanday imkoniyat qolmadi. Hojimat Erkinov tomonidan kiritilgan jamoaning 4-goli raqiblarni g‘alabadan yana bir pog‘ona uzoqlashtirdi.
Uchrashuv bosh hakami tomonidan o‘yinning asosiy vaqtiga 6 daqiqa qo‘shib berildi.
Puxta o‘ylangan reja asosida Eron-Qirg‘iziston o‘yinidagi 5:1 ko‘rinishidagi natija qayd etildi. 90+6-daqiqada Oston O‘runov o‘zi ishlagan penaltini munosib tarzda golga aylantirdi.
Shu tariqa birinchi bo‘limni 0:1 hisobida boy bergan O‘zbekiston bahs yakuniga ko‘ra, Tojikiston ustidan 5:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Muhsinjon Umurzoqov
LiveBarchasi