O‘zbekiston “Tolibon” bilan “Hayraton – Mozori-Sharif” temiryo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytiradi
Jamiyat
−
25 yanvar
2558O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati jamoat ishlari vazirining temiryo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Is’hoq Sohibzoda bilan “Hayraton – Mozori-Sharif” temiryo‘li bo‘yicha shartnomani uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 21-23 yanvar kunlari O‘zbekiston Transport vazirligi Toshkent shahrida Muhammad Is’hoq Sohibzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvlar tashkil etgan. O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temiryo‘l qurilish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashilgan va tomonlar kelgusi ishlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib olgan.
Shu bilan birga, ikki davlat temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida “Hayraton – Mozori-Sharif” temiryo‘lidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan. Bunda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning “Sogdiana trans” MCHJ “Hayraton – Mozori-Sharif” temiryo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil avgust oyida Hayraton – Naibobod – Mozori Sharif temiryo‘l liniyasining qayta tiklangan Naibobod temiryo‘l stansiyasi ochilgan edi. Tiklash ishlari kompaniya tomonidan Termiz mintaqaviy temiryo‘l uzeli va “So‘g‘diyona Trans” shu’ba korxonasi bilan hamkorlikda Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilgan. Uning uzunligi 75 km, loyiha qiymati esa 129 mln dollarni tashkil etgan. Kompaniyaning “So‘g‘diyona Trans” shu’ba korxonasi 2011 yil dekabr oyida Afg‘onistonda ushbu liniyadan foydalanish va xizmat ko‘rsatish maqsadida ochilgan.