O‘zbekiston “Tolibon” hukumatini tan olish bo‘yicha taklif bilan chiqdi
Jamiyat
−
01 aprel 2022
12109O‘zbekiston Afg‘onistonning “Tolibon” tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olishning mexanizm va mezonlarini ishlab chiqishni taklif qildi. Bu taklifni Bosh vazir o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov joriy yilning 30-31 mart kunlari Xitoyning Xuanshan shahrida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarining uchinchi Vazirlar konferensiyasida bildirdi.
Konferensiyada Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari a’zolari va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Indoneziya va Qatar Tashqi ishlar vazirlari mehmon sifatida qatnashdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Sardor Umurzoqov Afg‘onistonga mavjud muammolarni bartaraf qilish, milliy iqtisodiyotni qayta jonlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish va mamlakat hayotini normallashtirishda ko‘maklashishga qaratilgan mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Afg‘oniston muvaqqat hukumatini xalqaro miqyosda tan olishning mexanizmi va mezonlarini ishlab chiqish taklif qilindi. Ushbu choralar mamlakatning mintaqaviy makon va xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashuvini tezlashtirish imkonini berishi ta’kidlandi.
Shuningdek, u O‘zbekiston tomoni mintaqa davlatlari, hamkor mamlakatlar va Afg‘oniston bilan barcha ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, iqtisodiy jihatdan tiklashni tezlashtirish va afg‘on xalqining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.
Anjuman yakunida taraflarning qo‘shma bayonoti va Afg‘onistonni iqtisodiy jihatdan tiklashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Tunsi tashabbusi” qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, konferensiya doirasida Umurzoqov Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. U O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan.
LiveBarchasi