O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari: Kecha va bugun

Tahlil

image

Kecha, 27 aprel kuni 2012 yildan buyon Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelgan Abdulaziz Komilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan egallab kelgan lavozimidan ozod etildi. U Xavfsizlik kengashi kotibining Tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Vladimir Imamovich Norov O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, uning zimmasiga Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarish yuklatildi. Norov tajribali diplomat. Ko‘p yillar xorijda faoliyat yuritgan. Qolaversa, Komilovgacha u ham 5 yil davomida TIVni boshqargan. 

Xo‘sh, shu o‘rinda savol tug‘iladi: zamonaviy davlatchilikda O‘zbekiston diplomatiyasining tarixi qanday? Ilk bosqichlarda O‘zbekistonning tashqi siyosatini kim yuritgan? QALAMPIR.UZ tomonidan tayyorlangan maxsus maqola sizga ana shunday ma’lumotlarni taqdim etadi.

Yoqub Yusupovich Aliyev

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekiston SSR birinchi Tashqi ishlar vaziri sifatida 1944-1951-yillarda faoliyat olib borgan.

Anvar Marasulovich Qo‘chqorov (1916-1996)

Davlat arbobi va diplomat. 1937 yilda Pedagogik institutni tamomlab, institutning komsomol qo‘mitasi kotibi, bosh kotibi (1937-1941), O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Toshkent shahar qo‘mitasi boshqarma rahbari (1941-1942), KPSS Markaziy Qo‘mitasi Kommissariat a’zosi (1944-1945), SSSRning Afg‘onistondagi Elchixonasida attashe, 3-kotib (1945 yilda), O‘zbekiston SSR tashqi ishlar vazirligi konsullik bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Buxoro viloyat qo‘mitasi targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘i (1947 yil), O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi targ‘ibot va tashviqot bo‘limi boshlig‘i (1950 yil), O‘zbek SSR Tashqi ishlar vaziri (1951-1953), O‘zbek SSR Oliy Kengashi farmoni bilan Madaniyat vaziri (1953 yil), O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Buxoro viloyat qo‘mitasi kotibi (1957-1961), SSSR Oliy soveti tomonidan Sovet Ittifoqining Togodagi Favqulodda va Muxtor elchisi (1961 yil), SSSR Oliy Soveti Prezidiumi tomonidan SSSRning Dagomeyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi (1963 yil), O‘zbekiston SSR ta’lim vaziri (1966-1970), O‘zbekiston SSR madaniyat vaziri (1970-1973), O‘zbekiston SSR tashqi ishlar vazirining maslahatchisi (1973-1980) lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Nuriddin Akramovich Muhitdinov (1917-2008)

Davlat va siyosat arbobi, diplomat. Namangan viloyat partiya qo‘mitasi kotibi va 1-kotibi (1947-1950), O‘zbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1950-1951), O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1951-1953, 1954-1955), O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1953-1954), O‘zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (1955-1957), KPSS MK kotibi (1957-1961). KPSS MK Prezidiumi a’zoligiga nomzod (1956-1957), a’zo (1957-1961). SSSR Ministrlar Soveti Xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalar komiteti raisining 1-o‘rinbosari (1966-1968), SSSRning Suriyadagi elchisi (1968-1977), SSSR savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari (1977-1985), O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining maslahatchisi (1986-1987), “Yodgorlik” tarixiy madaniy meros jamiyati raisi (1987-1996) lavozimlarida faoliyat olib borgan.

G‘ani Sultonovich Sultonov

Davlat va siyosat arbobi. 1954-1959 yillarda O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat olib borgan.

Sarvar Olimjonovich Azimov (1923-1994)

Taniqli sovet va o‘zbek yozuvchisi, shuningdek davlat arbobi va diplomat. O‘zbekiston SSR A.S.Pushkin nomidagi Ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, sektor mudiri, ilmiy hodim (1948-1955), O‘zbekiston Kommunistik Partiyasi markaziy qo‘mitasining Fan va Madaniyat bo‘limi mudiri (1955-1956), O‘zbekiston Yozuvchilar Ittifoqi boshqarmasining birinchi kotibi (1956-1957), O‘zbekiston SSR madaniyat vaziri (1957-1959), O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari (1959-1969), Sovet Ittifoqining Livandagi Favqulodda va Muxtor elchisi (1969-1974), Sovet Ittifoqining Pokistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi (1974-1980), O‘zbekiston Yozuvchilar Ittifoqi boshqarmasining birinchi kotibi (1980-1988), O‘zbekiston SSR Tashqi Ishlar vaziri (1988-1991), O‘zbekiston Prezidenti kengashi a’zosi, Sovet Ittifoqi Yuqori kengashining Milliy kengashida O‘zbekiston SSRdan deputat (1990-1991) sifatida faoliyat olib borgan.
 
Minavar Tursunovich Tursunov (1915-2011)

Sovet va o‘zbek davlat arbobi, diplomat. Turkiston harbiy okrugi ofitseri (1944-1946), O‘zbekiston SSR TIV xodimi (1946-1947), O‘zbekiston SSR nazorat vazirligi nazoratchisi (1947-1951), O‘zbekiston SSR KP MK xodimi (1951-1952), Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi 2-kotibi (1952-1955), O‘zbekiston SSR ministrlar soveti ishlar boshqarmasi boshlig‘i (1955-1956), Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisi (1956-1958), O‘zbekiston SSR nazorat vaziri (1959-1963), O‘zbekiston SSR partiya nazorat idorasi raisining o‘rinbosari, raisi (1963-1969), O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1969-1980) lavozimlarida faoliyat olib borgan.


 
Bahodir Abbosovich Abdurazzoqov (1927-2006)

Tarixchi va diplomat. SSSRning Bangladeshdagi elchixonasi malahatchisi (1974-1977), SSSRning Afg‘onistondagi elchixonasi maslahatchisi (1977-1980), O‘zbekiston SSRning Tashqi ishlar vaziri (1980-1985), O‘zbekiston SSR KP MK xodimi (1985), SSSRning Somalidagi elchisi (1985-1989), O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili (1992-1994) lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Rafiq Nishonovich Nishonov (1926 yilda tug‘ilgan)

Siyosat va jamoat arbobi. 1951 yildan tuman partiya komiteti kotibi, Toshkent shahri partiya komiteti bo‘lim mudiri, Toshkent shahri ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan. O‘zbekiston KP MK kotibi (1963-1970), 1970 yildan Shri Lanka Respublikasi va Maldiv Respublikasida SSSRning Favqulodda va muxtor elchisi, SSSRning Iordaniyadagi elchisi bo‘lgan. O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri (1985—1986), O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi (1986—1988), O‘zbekiston KP MK 1-kotibi (1988-1989), SSSR Oliy Soveti Millatlar Sovetining raisi (1989-1991) lavozimlarida faoliyat olib borgan.


Sobitxon Qurbonovich Qurbonov

Davlat va siyosat arbobi. 1986-1987 yillarda O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat olib borgan.
 
Shahlo Nasimovna Mahmudova 

O‘zbek siyosatchisi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri sifatida 1991-1992 yillarda faoliyat olib borgan.

Ubaydulla Abbosovich Abdurazzoqov  (1932-2014)

Davlat arbobi va diplomat. 1965 yildan – O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasida turli lavozimlarda ishlagan. O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti ishlar boshqarmasi boshlig‘i (1971-1974), Namangan viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi (1974-1978), “Znaniye” birlashmasi raisi (1978-1987), “Mehnat” nashriyoti bosh muharriri (1987-1990), O‘zbekiston SSR nashriyot qo‘mitasi raisi (1990-1992), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (1992-1993), O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi (1993 yil) sifatida faoliyat olib borgan.
 
Sodiq Salihovich Safoyev (1954 yilda tug‘ilgan)

Davlat arbobi. Toshkent davlat universitetida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi (1976-1987), O‘zbekiston KP MQ metodisti, sektor mudiri (1987-1990), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ishlab chiqarish kuchlarini o‘rganish institutida katta ilmiy xodim (1990-1991), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining xalqaro iqtisodiy aloqalar bo‘limida yetakchi konsultant, bo‘lim mudiri (1991-1992), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining birinchi o‘rinbosari (1992-1993), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (1993 yilda), O‘zbekiston Respublikasining Germaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, o‘rindoshlik asosida — O‘zbekiston Respublikasining Niderlandiya va Avstriyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (1993-1996), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlatlararo munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi (1996 yilda), O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, o‘rindoshlik asosida — O‘zbekiston Respublikasining Kanadadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (1996-2001), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (2001-2003), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri va JIDU (Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti) rektori (2003-2005), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi (2005-2015) lavozimlarida faoliyat olib borgan, 2015 yildan boshlab Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari hamda 2021 yildan boshlab JIDU rektori hisoblanadi.

Saidmuxtor Saidqosimov Saidg‘oziyevich (1947 yilda tug‘ilgan)

Davlat arbobi. O‘zbekiston Prezidentining alohida muhim topshiriqlar bo‘yicha yordamchisi (1991-1992), O‘zbekiston Prezidentining fan, madaniyat, ta’lim va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi (1992-1993), O‘zbekiston Prezidentining siyosiy masalalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi (1993-1998) bilan birgalikda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori (1992-1998), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (1993-1994), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari (1994-1996), YUNESKO bilan aloqalar bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi raisi (1993-1997) sifatida faoliyat olib borgan. 1999-2014 yillarda dunyoning turli universitetlarida, xususan, Garvard, Boston, Priston universitetlari, Massachusets texnologiya instituti (AQSH), Oksford, Vestministr universitetlari (Buyuk Britaniya) va Fransiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya, Shri-Lanka, Kuba, Mo‘g‘uliston universitetlarida maxsus kurslar va ma’ruzalar o‘qigan, 2013-2018 yillarda Janubiy Koreyaning Koreya, Xankuk, Xanyang, Inha, Ajou universitetlari professori hamda 2018 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori.

Abdulaziz Hafizovich Komilov (1947 yilda tug‘ilgan)

O‘zbek siyosatchisi. SSSRning Livandagi elchixonasi attashesi (1973-1976), SSSR FA Sharqshunoslik instituti aspirant (1978-1980), SSSRning Suriyadagi elchixonasi 2-kotibi (1980-1984), SSSR Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharq bo‘limining xodimi (1984-1988), SSSR FA Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining katta ilmiy xodimi (1988-1991), O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi maslahatchisi (1991-1992), O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari (1992-1994), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (1994 yilda), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (1994-2003), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori (1998-2003), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi (2003 yilda), O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va Muxtor elchisi (2003-2010), O‘zbekiston Respublikasining qarorgohi Vashingtonda joylashgan Kanadadagi Favqulodda va Muxtor elchisi (2004-2010), O‘zbekiston Respublikasining qarorgohi Vashingtonda joylashgan Braziliya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi (2008-2010), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (2010-2012), 2012 yil 13 yanvardan 2022 yil 27 aprelgacha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat olib borgan hamda 2022 yil 27 apreldan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.

G‘aniyev Elyor Majidovich (1960 yilda tug‘ilgan)

Davlat va siyosat arbobi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi boshqarma boshlig‘i (1992-1993), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i (1993-1994), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosari (1994-1997), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri (1997-2002), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi (2002-2005), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri (2005-2006), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri (2006-2010), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri (2010-2012), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri (2012-2017), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisining o‘rinbosari (2017-2019), O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar, tashqi iqtisodiy aloqalar, innovatsiyalar, erkin iqtisodiy zonalar majmuasi rahbari (2019-2020) hamda 2020 yil 22 yanvardan 8 avgustgacha O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri lavozimlarida faoliyat olib borgan.

Norov Vladimir Imamovich

Davlat arbobi va diplomat.  O‘zbekiston IIV tizimida turli lavozimlarda ishlagan (1978-1992), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni xalqaro huquq xizmati yeksperti, konsultanti (1993-1995), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (1995-1996), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi (1996-1998), O‘zbekiston Respublikasining Germaniya, Shveysariya va Polshadagi Favqulodda va muxtor elchisi (1998-2003), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (2003-2004), O‘zbekiston Respublikasining Belgiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi, NATO va YeIdagi missiya rahbari (2004-2006), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri (2006-2010), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari (2010-2013), O‘zbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi, NATO va YeIdagi missiya rahbari (2013-2017), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori (2017-2018), Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi (2019-2021), O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari (2021-2022) lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2022 yil 27 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.

 

Kamron Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

307

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing