O‘zbekiston tarixida ilk bor jurnalistika sohasida 10 jildlik kitob chop etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston tarixida ilk bor jurnalistika sohasiga oid 10 jildlik qo‘llanma chop etildi. Bugun, 6 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Shuni alohida qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshirig‘i bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zimmasiga jurnalistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kelib chiqib, ular uchun xalqaro tajribani o‘rgangan holda, nazariyotchi olimlar hamda amaliyotchilarning tajribalari asosida jurnalistika sohasiga oid qo‘llanma tayyorlab, chop etish vazifasi yuklangan edi. Bugunga kelib mazkur qo‘llanma kitobxonlar hukmiga havola etildi.

“Mazkur qo‘llanmani tayyorlash ishlari besh oy oldin boshlangan edi. O‘sha paytda rahbarimiz Komil Allamjonov hamda direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu masalaga katta e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlagan edilar. Deyarli har hafta nashriyot rahbarlari, qo‘llanma uchun mas’ul shaxslarga uni sifatli qilib tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Mana, qisqa vaqt ichida katta mehnat evaziga 10 jildlik qo‘llanma tayyor bo‘ldi”, deydi Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjanov. 

Qo‘llanmaning har bir jildi, ulardagi boblar, mavzularni aniqlash maqsadida yuqoridagi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Jurnalistlar malakasini oshirishi markazi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy axborot agentligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi vakillari, taniqli ijodkorlardan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi. Bir necha bor maslahat yig‘ilishlari o‘tkazildi. Har bir jild bo‘yicha mas’ul muharrirlar tanlab olindi va ularning tavsiyalari asosida mualliflar tarkibi shakllantirildi. Qo‘llanma oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonida foydalanish bilan bir qatorda, “Jurnalistning shaxsiy kutubxonasi” sifatida har bir tahririyatda, jurnalistlarning shaxsiy kitob javonlaridan o‘rin olishga arziydigan adabiyotlar sifatida tayyorlandi.

Qo‘llanmaning har bir jildi “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti”, “Jurnalistika huquqi va etikasi”, “Medialingvistika va tahrir”, “Media-marketing va menejment”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Audiovizual jurnalistika”, “Onlayn jurnalistika va mediada yangi trendlar”, “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar”, “Ixtisoslashgan jurnalistika”, “Jurnalistika sotsiologiyasi va psixologiyasi” 1000 nusxada nashrdan chiqarildi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchilari so‘zga chiqib, mazkur qo‘llanmaning chop etilishi soha rivoji uchun yangi qadam bo‘lganini qayd etdilar.

Taqdimotda jurnalistika bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar ham so‘zga chiqib, mazkur qo‘llanmaning ahamiyati katta ekani hamda bugungi davr jurnalistikasi uchun suv va havodek zarur ekanini ta’kidladilar. Jurnalistlarning savollariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing