Energetikada narx siyosatiga o‘tish vaqti keldi
Jamiyat
−
13 may 2022
10666O‘zbekistonda energiya resurslarini, birinchi navbatda elektr energiyasini yetkazib berishda tarif siyosatidan qisman voz kechib, narx siyosatini yuritishga va bozor qoidalariga mos qonunlarni ishlab chiqishga ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Agar ushbu reja amalga oshsa, aholining u yoki bu energiya yetkazib beruvchini tanlash, yetkazib beruvchilarning esa bozorda narx bo‘yicha raqobat qilish imkoni paydo bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev jurnalistlar bilan muloqotda so‘z ochdi.
Uchrashuvda qayd etilishicha, vazirlikdagi ekspertlar guruhi 2030 yilgacha o‘sish sur’atlarini hisoblab chiqqan. Natijaga ko‘ra, elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga 10 foizga ortib boradi.
“Bu ishni 2019 yilda boshlagan bo‘lsak, “ko‘p ekspertlarimiz bu juda ham optimistik talablar, talab bunchalik oshib borishi mumkin emas”, degan xulosani bildirishdi. Lekin, mana 3 yildan buyon o‘z prognozlarimizda adashmayapmiz. Talab yiliga stabil ravishda 10 foizga ortib boryapti”, deydi Xodjayev.
Bugungi kunda O‘zbekiston energiya tizimidagi mavjud energiya quvvatlar aynan qish oylarida – talab eng kuchli bo‘lgan davrda – taxminan 13 ming MVt tashkil etadi. 2030 yilga kelib qayta tiklanadigan energiya manbalari kengayishini hisobga olinsa, bu ko‘rsatgich 32 ming MVtga yetishi kutilmoqda. O‘rtadagi farq yangi qurilib, ishga tushirilishi kerak bo‘lgan elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi ham deylik, asosiy va muhim masalalardan yana biri – tayyor elektr energiyasini iste’molchiga sotish. Bu jarayonni esa yana faqat davlatning gardaniga yuklab, monopoliyani saqlab qolish, muammolar tokchasini to‘ldirsa to‘ldiradiki, kamayishiga xizmat qilmaydi. Xo‘sh, najot kimdan va qayerdan?
“Energetika sohasi xususiy sektorni jalb qilish kerak bo‘lgan sohalardan biri. Unga qiziqish bildirgan investorlarning savoli bitta: men biror bir loyihaga mablag‘ kiritishga tayyorman, lekin sarflagan investitsiyam qaytib kelishi va foyda topishimga kim kafolat beradi? Bunday vaziyatda davlat kafolat beradi deb har qanday hujjatlar imzolak ham, kafolat xatlarini bersak ham investor birinchi navbatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning bozorda sotilishiga qaraydi. Chunki har qanday berilgan kafolat davlatga iqtisodiy jihatdan yuk bo‘lsa, vaqti-soati kelib bu kafolatdan voz kechish yoki shartlarni qayta ko‘rib chiqish ehtimoli bor. Shuning uchun biz investorga muhit yaratib berishimiz, u o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi kerak”, deydi Xodjayev.
Qayd etilishicha, ishlab chiqarilgan energiya resurslari yakunda iste’molchiga sotilayotgan narxi bilan hozirgi kunda O‘zbekiston sharoitida ishlab chiqarish tan narxi o‘rtasida mutanosiblik buzilgan. Ya’ni davlat subsidiya berish orqali sun’iy ravishda elektr energiyasining narxini o‘ta past darajada ushlab kelmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2017 yil sentyabr oyida aholi uchun elektr energiyasi tarifi 2,5 sent, 2018 yil aprel oyida – 2,8 sent, 2018 yil noyabrda – 3,0 sent, 2019 yil avgust oyida – 3,3 sentni tashkil qilganini ko‘rish mumkin. O‘tgan yillarda inflyatsiya miqdori oshib borayotganiga qaramay, elektr energiyasi narxi deyarli 2017 yildagidek saqlanib qolayotganini (2,6 sent) ko‘rish mumkin. Shu nuqtayi nazardan olib qaralganda, O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarib, aholiga sotish allaqachon foydadan ko‘ra, zarar keltiradigan sohaga aylanib ulgurgan.
“Aslida muammo faqat narx arzon yo qimmat, baland-pastligida emas, kafolatlangan qonun qoidalar yo‘qligida. Kimdir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yaman, elektr energiyasini ishlab chiqarib sotaman desa, bozor qoidalari yo‘q. Bozorga kirish shartlari yo‘q. Bozorga kirgandan keyin investorning majburiyatlarini belgilovchi qat’iy normalar yo‘q. Hozirgi kundagi islohotlarimizda narx-navoning oshirilishi, iqtisodiy jihatdan biznesni jozibador qilish yetarli emas. Biz bozor qoidalarini ishlab chiqishimiz va tasdiqlashimiz kerak. Biz bozorga kirmoqchi bo‘lgan har qanday biznes sub’ektiga oddiy litsenziya berib, siz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishingiz mumkin degan tartibni joriy qilishimiz lozim”, deydi Xodjayev.
Ko‘plab mamlakatlar allaqachon energiya resurslarini yetkazib berishda, tarif siyosatidan voz kechib, bozorni erkinlashtirish, talabga yarasha taklifni ishlab chiqish, narx siyosatini yuritish yo‘lini tanlagan. Natijada o‘sha mamlakatlarda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar ortdi. Energetika sohasidagi muammolarga bir odamning og‘ziga qarab yechim topish siyosatidan voz kechildi. Xo‘sh, O‘zbekiston qaysi yo‘ldan borishi kerak. Birdaniga narx siyosatiga o‘tish salbiy oqibatlarga olib kelmaydimi?
“Barcha mamlakatlarda mana shunday dilemma o‘z vaqtida yuzaga kelgan: iste’molchilarga energiya resurslarini toifasiga ko‘ra yetkazib berishda narx siyosatini yuritamizmi yoki tarif siyosatini? Ko‘pchilik shuni adashtiradi. Yevropada unday, Amerika yo Koreyada bunday ekan deb solishtirishga harakat qiladi. Narx va tarifni adashtirmaslik kerak. Biz tarif siyosatidamiz, ya’ni talab birdaniga oshib ketsa, taklif yetarli bo‘lmasa, narx ko‘tariladi, tarif esa o‘zgarmaydi.
Bozorda ishtirok etayotgan biznes sub’ektlari faqat biznes qonun-qoidalariga bo‘ysunadi. Ularning asosiy maqsadi daromad olish, aholi yoki boshqa iste’molchilarni himoya qilish emas. Bizda tarif siyosati. Biz bozorga o‘tgan taqdirimizda ham aholi va ayrim toifa iste’molchilar uchun tarif siyosati saqlanib qoladi. Liberallashuv degani – har kim xohlagan ishini qila oladi degani emas. Davlat tomonidan bozorga ta’sir ko‘rsatuvchi ma’lum bir mexanizmlar kuchga kiritiladi. Yaqin bir-ikki yilda guvoh bo‘lasizlar, davlat tomonidan belgilangan tariflar eng yuqori bo‘ladi. Qaysidir ishlab chiqarish sub’ekti xarajatlarni qisqartirish yoki samaradorligini oshirish evaziga tan narxini chegirmalar yoki boshqa imtiyozlar orqali pasaytirib, raqobatchilaridan iste’molchilarini tortib olishi mumkin. Elektr ta’minotida ham iste’molchi o‘zi xohlagan ta’minotchisini tanlashi kerak. Lekin narx emas tarif siyosati saqlanib qolishi lozim. Qancha talab bo‘lishidan qat’i nazar belgilangan narxdan qimmat sotolmaysan, deb talab qo‘yiladi”, deydi Xodjayev.
Ko‘plab mamlakatlar narx siyosati yo‘lini tanlagan. Turli hududlarda energiya resurslari narxi har xilligini kuzatasiz. Agar O‘zbekiston to‘liq shu yo‘lga o‘tsa...
“Hududlar bo‘yicha tariflarning har xil bo‘lishi, O‘zbekiston sharoitida aholining kayfiyatiga ham tadbirkorlikni rivojlantirishga ham ijobiydan ko‘ra salbiy ta’sir qiladi. Qayerda resurslar arzon bo‘lsa, biznes o‘sha yerda rivojlanadi. Aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz qimmat, uni ustiga tadbirkorlik sub’ektlari boshqa hududga borib, investitsiya kiritsa, tabiiyki investitsiya kiritilmagan hududda ishsizlik muammosi ham ko‘payadi. Bu esa noto‘g‘ri”, deydi vazir o‘rinbosari.
LiveBarchasi