O‘zbekiston shaharlarida transport tezligini pasaytirish taklif qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston shaharlarida avtotransport vositalari harakatining maksimal tezligini 50 km/soat, ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar yaqinida esa 30 km/soatgacha cheklash taklif etildi. Bu haqda “Mening fikrim” Jamoaviy murojaatlar portaliga joylangan murojaat matnida so‘z boradi

Murojaat muallifi yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish orqali shaharlarda ruxsat etilgan maksimal tezlikni 50 km/soat, ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlar (maktablar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va boshqalar) yaqinida 30 km/soatgacha cheklashni taklif qilgan.

Muallifning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga tayanib yozishicha, avtomobil soatiga 30 kilometr tezlikda himoyasiz (himoyalanmagan) yo‘l ishtirokchisiga urilganda, ko‘p hollarda piyodalar omon qoladi, avtomobil tezligi 50 km/soatda esa ularning aksariyati vafot etishi mumkin.

JSST piyodalar va transport vositalarining to‘qnashuvi natijasida o‘limga olib keladigan jarohatlarning oldini olish ehtimolini ko‘rsatadigan quyidagi ma’lumotlarni keltiradi:

  • 60 km/soatda yuqori tezlikda o‘lim xavfi 95 foizni tashkil qiladi;
  • 50 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 80 foizgacha kamayadi;
  • 40 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 38−40 foiz bo‘lishi mumkin;
  • 30 km/soat tezlikda o‘lim xavfi 10−13 foizgacha kamayadi.

“Boshqaruv paytida haydovchilar himoyalangan holda avtotransport vositasida, ko‘plarida xavfsizlik kamarlari ham taqilgan bo‘ladi, avtohalokat paytida ular himoya qilinadi, piyodalar esa yo‘q”, deyiladi murojaat matnida.

Muallifning qayd etishicha, shuni unutmaslik kerakki, shaharda piyodalarga qaraganda transport vositalari ancha kam. Hamma piyodalar ham yosh va sog‘lom emas. Bundan tashqari, transport vositasidan chiqqanda haydovchilar ham piyodalarga aylanadi va ularning hayoti boshqalar kabi tahdidlarga duchor bo‘ladi.

Oliy Majlis palatalariga yuborilgan jamoaviy murojaat kamida 10 mingta ovozga ega bo‘lishi kerak. Ushbu petitsiya bo‘yicha ovoz berish muddati uch oy ichida yakunlanadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmaydi. 13 may holatiga ko‘ra, ushbu petitsiya 781 ta ovoz olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

507

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing