O‘zbekiston SHHTni kengaytirishni qo‘llab-quvvatladi
Jamiyat
−
01 Sentabr 3357 2 daqiqa
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini (SHHT) yangi a’zolar va hamkorlarni qo‘shish orqali kengaytirish tarafdori. Bu haqda bugun, 1 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tayotgan SHHT sammitida so‘z ochdi.
“Biz Tashkilotning izchil kengayishi tarafdorimiz. Chunki “SHHT modeli”ning muvaffaqiyati uning ochiqligi va keng ko‘lamli hamkorlikka yo‘naltirilganidadir. Biz o‘z kelajagini SHHT bilan bog‘liq holda ko‘rayotgan davlatlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari tarkibi, jumladan, boshqa mintaqa davlatlari hisobidan kengayib borayotgani tashkilotni Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlik platformasiga aylantirishga yordam beradi.
Shuningdek, Mirziyoyev SHHTning samaradorligini oshirish, uning institutlari va qarorlarni amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash zarurligini qayd etgan.
“Tashkilotni transformatsiya qilish bo‘yicha Samarqand sammitida boshlangan jarayonlar ushbu muhim vazifalarni hal etishga yordam beradi, deb ishonaman”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Qayd etish joiz, SHHTning Samarqand sammiti 2022 yil 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan. Samarqand sammitida Mirziyoyev umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida “Samarqand birdamligi tashabbusi”ni ilgari surdi. Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha manfaatdor davlatlarni global sivilizatsiyalararo inklyuziv muloqotga jalb qilish, kelishilgan yondashuvlar va yechimlarni topish, ishonchni tiklash, global keskinlik, noaniqlik va oldindan aytib bo‘lmaydigan holatlarni bartaraf etishdan iborat. O‘zaro hamkorlikning ushbu formati madaniy-sivilizatsion, millatlararo, dinlararo hamkorlikni rivojlantirish orqali mavjud qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklarni yumshatish uchun dunyo davlatlari va xalqlarining sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan. Mohiyatan, Samarqand tashabbusi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2001 yilda qabul qilingan va hukumatlarni sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish, ma’qullash va qo‘llab-quvvatlashga chaqiruvchi BMTning Sivilizatsiyalar muloqoti to‘g‘risidagi deklaratsiyasining amaliy ifodasidir.
Ma’lumot uchun, SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Live
Barchasi