O‘zbekiston Rossiya yerlarida o‘zi uchun ekin ekishni rejalashtirmoqda
Jamiyat
−
03 Oktabr 2021 24101 2 daqiqa
O‘zbekiston korxonalariga Rossiya hududida bir necha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yer ajratilishi mumkin. Joriy yilning 1 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin boshliq delegatsiya vakillari bilan video-muzokaralar vaqtida shu masalani muhokama qildi.
“Biz o‘zbek tadbirkorlari tomonidan bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yetishtirilishi uchun Rossiya Federatsiyasida yer ajratish va keyin hosilning O‘zbekistonga olib ketilishi masalasi yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishgan edik. Bunda aynan Rossiyada yetishtirish uchun tabiiy tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan moyli ekinlar, soya, bug‘doy singarilar nazarda tutilmoqda”, deya ta’kidlagan vazir Xo‘jayev.
Qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya tomoniga qishloq xo‘jalagi ekinlari ro‘yxati va maydonlarni qayta ishlash uchun talab etiladigan dastlabki hisob-kitoblarni yuborgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichda o‘zaro aloqa o‘rnatish va ta’sir mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda amaliy jihatdan tayyor bo‘lish maqsadida ushbu loyihani 35 ming gektar maydonda ishga tushirish taklif etilgan.
“Yaqin yillarda ushbu maydonlarni bosqichma-bosqich 300-500 ming gektargacha kengaytirish, istiqbolda esa 1 million gektargacha yetkazishdan manfaatdormiz. Ushbu hamkorlikdagi qo‘shma loyiha bilan mening o‘rinbosarim Anvar Asomov va boshqarmalar boshliqlaridan iborat jamoa bevosita shug‘ullanadi. Biz sohani rivojlantirish va ikki davlat fuqarolarining farovonligini oshirish maqsadida yangi hamkorlik nuqtalarini topish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga tayyormiz”, degan Jamshid Xo‘jayev
Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin va uning hamkasblari qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish uchun 8-13 million gektar maydon mavjudligini ta’kidlagan va Rossiya Federatsiyasining 23 ta sub’ekti ushbu O‘zbekiston-Rossiya loyihasini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanligini bildirgan.
Uchrashuv doirasida tomonlar yer uchastkalarini ajratishga doir muayyan masalalarni, jumladan o‘zbekistonlik sheriklarga qishloq xo‘jaligi yerlarini uzoq muddatli ijaraga berish shartlarini muhokama qilganlar.
Live
Barchasi