O‘zbekiston Rossiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi mumkin
Sport
−
14:48 299 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi joriy yilning noyabr oyida Rossiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Odil Ahmedov “Sport24” nashriga ma’lum qildi.
“Biz haqiqatan ham Rossiya futbol ittifoqi (RFI) bilan aloqadamiz va noyabr oyida O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga yaqinmiz. Yozdan beri Rossiya terma jamoasi bilan o‘ynashni xohlayapmiz va hozirda barcha tafsilotlarni muhokama qilishda davom etyapmiz”, deydi O‘FA vitse-prezidenti.
Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
“Ayni paytda ikki ehtimoliy raqib – Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan muzokaralar olib boryapmiz. Saudiya Arabistoni terma jamoasi bilan uchrashuv dastlab Ar-Riyodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘yinni Toshkentga ko‘chirmoqchimiz. Saudiyaliklar hali bu taklifga rozilik bildirishmadi”, deydi Ahmedov.
U, shuningdek, barcha masalalarni milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan ham muhokama qilish zarurligini ta’kidlagan.
“Agar Saudiya Arabistoni bilan kelishuvga erisha olmasak, katta ehtimol bilan Rossiya terma jamoasi bilan Toshkentda o‘ynaymiz. Rossiya jamoasi ham uchrashuv o‘tkazishdan manfaatdor. Shu bois hozircha o‘yin qayerda bo‘lib o‘tishi masalasi ochiq qolmoqda.
Hali yakuniy kelishuvga erishilgani yo‘q, ammo uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga yaqinmiz. Shuningdek, barcha tafsilotlarni milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro bilan muhokama qilishimiz kerak. Noyabr oyida ushbu o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkaza olishimizga umid qilamiz”, deydi Odil Ahmedov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi sentyabr va oktyabr oylaridagi xalqaro tanaffus paytida Eron (3:1), Suriya (4:1) hamda Janubiy Koreya (0:2) terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan edi.
Live
BarchasiJizzaxda 10 yoshli qiz zo‘rlandi
06 Oktyabr
Sergelidagi masjidga o‘t ketdi
03 Oktyabr