O‘zbekiston Pokistonning MOdagi eng yirik savdo sherigiga aylandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bugun, 26 fevral kuni O‘zbekiston-Pokiston biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining 300 nafarga yaqin rahbarlari va vakillari ishtirok etgan. Pokiston tomonidan “Al-Rafique Enterprises”, “Mehran Dates Products”, “Brighto Chemicals”, “Transfopower Industries”, “FWO”, “T.M.C”, “Pakistan Mobile”, “TCS” va boshqa ko‘plab kompaniyalar qatnashgan.

Mirziyoyev o‘z nutqida bugun bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarda ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilingani, katta reja va vazifalar belgilab olinganini ta’kidlagan. Shuningdek, oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzishga kelishib olingan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning “lokomotivi” sifatida belgilangan.

“Ulkan salohiyatga ega bo‘lgan iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldirishga qodir”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshgan va 130 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Shu jihatdan O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo sherigiga aylangan.

“Biznes forumlari, sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazilmoqda. Karachi va Toshkent shaharlarida savdo uylari tashkil etilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi yangi loyihalar bilan boyimoqda. “Pak Merit”, “Diamond Group”, “Silk-way”, “Getz Pharm”, ”Gerbion”, “NLS” va boshqa kompaniyalar bilan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbari ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surgan.

Avvalo, yiliga kamida ikki marta – O‘zbekiston va Pokistonda biznes vakillarini keng jalb qilgan holda ishbilarmonlik tadbirlarini muntazam o‘tkazib borish muhimligi ta’kidlangan.

“Jug‘rofiy yaqinlikni hisobga olib, tovar ayirboshlash hajmini keskin oshirish, shu jumladan amaldagi imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, fitosanitariya, karantin va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Elektron savdo platformalarini integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratiladi”, deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, transport-logistika kompaniyasini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Shuningdek, Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan temir yo‘l qurilishi boshlangani qayd etilgan.

“Kelajakda ushbu strategik yo‘l Pokiston bandargohlari olib chiqishi mumkin, bu esa o‘zaro savdo va investitsiyalarni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, uchrashuvda hududlararo hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlangan. Shu ma’noda, hududlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini faollashtirish, bunda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini keng jalb etish muhimligi qayd etilgan.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini, shuningdek, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, sheriklikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev biznes forum Shahboz Sharif Pokiston Islom Respublikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing