O‘zbekiston pandemiyaga Qozog‘istondan ko‘ra yaxshiroq tayyorlangan – “Forbes”
Olam
−
05 aprel 2021
6506Koronavirus infeksiyasi inson salomatligi uchun jiddiy tahdidlar keltirib chiqardi. Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchilikka da’vo qilayotgan ikki davlat – O‘zbekiston va Qozog‘iston pandemiyaga bir xil darajada tayyorlanmagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Forbes” nashri yozmoqda.
Pandemiya boshlanganidan beri joriy yilning 28 martiga qadar Qozog‘istonda 292,3 ming kishi kasallikni yuqtirgan.
Qayd etilishicha, pandemiya Qozog‘istonda ham, dunyoda ham sog‘liqni saqlash sohasidagi barcha muammolarni ochib berdi. Xususan, ushbu sohani moliyalashtirish masalalari birinchi o‘ringa chiqdi.
O‘tgan yilda Qozog‘iston sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarning asosiy kapitaliga 2019 yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘p, ya’ni, 305,1 mlrd tenge investitsiya kiritgan.
Pandemiyadan oldingi yillarda (2016–2019) Qozog‘istonda sog‘liqni saqlashga kiritilgan investitsiyalar ulushi deyarli bir xil darajada saqlanib qolgan bo‘lsa, O‘zbekistonda biroz o‘sish kuzatilgan.
Qozog‘istonda o‘lim darajasi ham O‘zbekistonga qaraganda ancha yomonroq holatda. 2020 yil yanvar-dekabr oylarida mamlakatda 162,6 ming kishi vafot etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan birdaniga 22,1 foizga ko‘pdir.
Shu davrda aholisi Qozog‘istonga nisbatan 1,8 baravar ko‘p bo‘lgan O‘zbekistonda 175,6 ming kishi vafot etgan, yillik o‘sish 15,5 foizni tashkil qilgan.
Qozog‘istonda o‘lim koeffitsiyenti 1000 kishiga 8,6 bo‘lsa, O‘zbekistonda - 5,1.
Mamlakatlarning pandemiyaga tayyorligi to‘g‘risida gapirganda, shuni ta’kidlash kerakki, sog‘liqni saqlash xavfsizligining global reytingida O‘zbekiston pandemiya va uning yumshatilishiga qarshi tezkor choralar ko‘rishga ko‘proq tayyor bo‘lib, 195 davlat orasida 138-o‘rinni egallagan. Qozog‘iston esa bu borada qo‘shnisiga yutqazib, 143-o‘rinni band qilgan.
O‘tgan yili pandemiya e’lon qilingandan so‘ng Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish choralarini ko‘rdi.
O‘zbekiston Prezidenti pandemiya davrida koronavirusga chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan va kasallanganlar davolangan muassasalarda faoliyat olib borgan shifokorlarga har oyda 2,7 ming AQSH dollari miqdorida, hamshiralar va laborantlarga 1,6 ming dollar, sanitariya xodimlariga 1,1 ming dollar, boshqa xodimlarga 530 dollardan to‘lashga va’da berdi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri tibbiyot xodimlari uchun 3 oy ichida 1,9 ming dollar, 947,5 dollar, 473,7 dollar miqdorida - xavf zonalarida ishlashiga qarab bonuslar e’lon qildi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan shifokorlarga ustamalar to‘lashda millionlab dollarlik qonunbuzarliklar aniqlangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 83 802 nafarni tashkil etmoqda.
Qozog‘istonda ayni paytga qadar 306 mingdan ko‘p kishi koronavirus yuqtirgan. 3 242 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi