O‘zbekiston ota-onasidan tortib olingan bolalarni nima qilmoqchi?
Jamiyat
−
12 Oktabr 2023
8773Qanday hollarda bolalar ota-onalaridan olib qo‘yiladi? 10 oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasida mazkur savolga Adliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Boburbek Saidbekov javob berdi.
“Agar ota-ona o‘z farzandining sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgan bo‘lsa, mahalla organlari dalolatnoma tuzib, vasiylik organlari bilan bog‘lanib, 7 kun ichida bolani ulardan olib qo‘ya oladi. Faqat bu haqda prokurorni xabardor qilishi kerak. 7 kundan keyin sudga da’vo bilan chiqib, ota-onalik huquqidan mahrum qilishni talab qilishi mumkin”, dedi Saidbekov.
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda o‘z yaqinlaridan zulm ko‘rgan bolalarga himoya orderlari berilishi mumkin. Bolalar ota-onalaridan olib qo‘yilar ekan, xo‘sh, qayerga boradi?
“Birinchi navbatda, bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiq keluvchi sharoit yarata oladigan ota yoki onaning birinikiga joylashtirish kerak. Chunki zo‘ravonlik holatlarida har doim ham ota, ham ona aybdor bo‘lavermaydi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, bola qarindoshlarinikiga yoki bolaga g‘amxo‘rlik qilish istagini bildirgan boshqa shaxsnikiga joylashtiriladi. Buning ham iloji bo‘lmagan taqdirda vakolatli organ hisobida turgan shaxslarnikiga yo jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga joylashtirish chorasi ko‘riladi. Bolaning sog‘ligiga ziyon yetgan taqdirda tibbiyot muassasalariga, ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish mazkazlariga olib boriladi”, deydi Boburbek Saidbekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda 1000 dan ortiq fuqarolar ota-onalik huquqidan mahrum qilingan.
LiveBarchasi