“O‘zbekiston”ning sirli savdosi. Xaridori chiqmayotgan “O‘zbekiston”

Tahlil

Narxi yildan yilga pasaytiriladigan, ammo, bozori hech chopmayotgan, savdolari o‘ta sirli o‘tuvchi, biroq, natijasiz tugaydigan O‘zbekiston mehmonxonasi yana qayta sotuvga qo‘yiladi. Bu haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi QALAMPIR.UZ’ning qayta-qayta murojaatlariga javoban uch oy deganda bazo‘rgina ma’lum qilgan. 

Agar esingizda bo‘lsa, 2020 yilning 28 may kuni “Otel O‘zbekiston” MCHJ QKning 80,13 foizlik davlat ulushi Singapurning “Bashan Investment Group PTE.LTD” kompaniyasiga sotilgan edi. 

Kompaniya zimmasiga esa ikki yil davomida bu bino uchun 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish va mehmonxonani 4 yulduzli mehmonxonaga aylantirish kabi yana bir qator shartlar qo‘yilgan. 

Biroq, oradan ikki yildan oshiq, aniqroq qilib aytganda naq ikki yarim yil vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay  sharnomada belgilangan hech bir shart bajarilmadi va shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Singapur kompaniyasi bilan shartnomani bekor qildi.

 “Shartnomada belgilangan majburiyatlar investor tomonidan bajarilmaganligi sababli davlat tender komissiyasining tegishli yigilish bayonlariga asosan “Otel O'zbekiston” MCHJ QKning ustav fondidagi 80,13 foiz davlat ulushi «Bashan Investment Group PTE. LTD»ga sotish bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi bekor kilinganligi xamda bugungi kunda Davaktiv agentligi tomonidan  “Otel Uzbekistan” Mchj QKning ustav fondidagi sotilishi belgilangan davlat ulushini kayta savdoga chikarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotganligi ma’lum qilinadi”, deyiladi QALAMPIR.UZ so‘roviga qaytarilgan javob xatida.

Bir so‘z bilan aytganda savdo omadsiz yakunlandi. Ikki yarim yillik vaqt yutqazildi. Nega? Nima uchun O‘zbekistondagi ayrim yirik obektlar bilan , xususan, “Chorsu” mehmonxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasi kabilar bilan doim bir xil ssenariy takrorlanaveradi?

Avvaliga sirli tarzda sotiladi, tender savdolarining qanday o‘tgani, qanday korxonalar qatnashgani to‘g‘risida Davaktiv hech qanday ma’lumotni ochiqlamaydi. Shu tariqa allaqaysi bir korxona g‘olib deb topiladi va bu hamma joyda e’lon qilinadi. Bir yarim-ikki yil vaqt ichida amalga oshiradigan ishlari sanaladi, unga yuksak ishonch bildiriladi. Bo‘ldi shu bilan tamom!

ORADAN 2 YIL O‘TDI!

Hech qanday ish bajarilmadi. Investitsiya kiritilmadi. Ta’mirlanmadi. Har savdoda shu bo‘lar takror!

O‘zbekistondagi bunday sirli investitsion loyihalar haqida xususiylashtirish sohasida bir necha yillik tajribaga ega bo‘lgan iqtisodchi Abdulla Abduqodirovdan intervyu oldik.

“Xususiylashtirishning ahamiyati shundaki siz bozorga kartoshka olib chiqmaysiz. Har bitta obektning o‘ziga yarasha ahamiyati bor. Shunga qarab Davlat aktivlarini boshqarish agentligi harakatini qilish kerak. Lekin ularda har bitta obektga nisbatan alohida yondashuv yo‘q. Eng katta xatosi ham shunda”, dedi iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov.

“Bashan Investment Group PTE. LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyati Singapurda 2005 yili 2 dekabr kuni ro‘yixatdan o‘tkazilgan bo‘lib, uning ustav fondi atigi 20 dollarni tashkil qiladi.  Mazkur investitsion kompaniyaning asosiy faoliyati — boshqa xoldinglarni boshqarish, ikkilamchi faoliyati esa —seriallari, estrada shoularini va hujjatli filmlarni, shu jumladan, televizion shoularni ishlab chiqarishdir. Shuningdek, mazkur korxona ikki yil ichida karerasida mehmonxona turizmi bo‘yicha qanday o‘zgarishlar qilgani haqida ma’lumotlar mavjud emas. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda korxonaning birorta sahifasi ham topilmadi. Davaktiv QALAMPIR.UZ’ning xatiga javoban faqat “Bashan Investment Group PTE. LTD” bilan shartnomaning bekor qilinganini ma’lum qilgan. Ammo QALAMPIR.Uz o‘zining yozma murojaatida Toshkentning eng qadimiy va eng obro‘li mehmonxonasi nima uchun tarixi va taqdiri so‘roq ostida bo‘lgan korxonaga sotilgani, yana qanday korxonalar tenderda ishtirok etganini ham so‘ragan edi. Biroq agentlik bu savollarimizni ochiq qoldirgan.

Bundan tashqari, mehmonxona faoliyati tarixi bilan bog‘liq ko‘plab savollar hali-hanuz o‘z javobini topgani yo‘q. Sharof Rashidov davrida bunyod etilgan muhtasham, serdaromad ob’ekt qandaydir usullar bilan “Botir Alyuminiy” nomi bilan tanilgan milliarder, tadbirkor Botir Raximov qo‘liga o‘tib qoladi. 

Uni kim sotgani, qanchaga sotgani, xo‘p, sotilgan bo‘lsa, pullar nimaga sarflangani haqidagi ma’lumotlarni bugun kunduzi chiroq yoqib ham topib bo‘lmaydi.
Botir Raximovning shaxsan o‘zi 2006 yil mart oyida“Elita obestva” jurnaliga bergan intervyusida “O‘zbekiston” mehmonxonasi mamlakatning eng yirik mehmonxonasi bo‘lib, avvallari Rahimovni u yerga yig‘ilishlar, konsertlar, yirik taqdimotlar va boshqa muhim tadbirlar uchun chaqirishgan. 

 “Faqat “O‘zbekiston” mehmonxonasiga taklif qilishning o‘ziyoq insonning maqomi va darajasidan dalolat berardi. Hozirda Botir “O‘zbekiston mehmonxonasi” qo‘shma korxonasi asoschilaridan biri. Deyarli bir oy o‘tgach, 5000 m hududda tungi klubga ega yangi ko‘ngilochar majmua ochiladi, unda italyan, xitoy va yapon taomlari taqdim etiladigan uch yoki to‘rt xil restoran mavjud. “O‘zbekiston” mehmonxonasi rekonstruksiya va modernizatsiyadan so‘ng nafaqat respublika, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun noyob loyihaga aylanadi”, deya keltirgan nashr.

Ammo, 2010 yilda Islom Karimov oligarxlarga qarshi jiddiy kurash e’lon qildi. Unda Botir Raximov ham yaxshigina zarba olgan va shu tariqa mehmonxona O‘zbekiston hukumatining qo‘liga o‘tgan. Lekin davlat mehmonxonaning faqat 80,13 % ulushiga egalik qiladi. Qolgan 19,87 %lik ulushning asl egasi kim ekanligi esa hozir ham noma’lum.

To‘g‘ri, hujjatlarda mehmonxonaning 11,70% ulushi “Nafteco Projects LLP”, 8,20% lik ulush esa “Ashton Export LLP” xususiy korxonalariga tegishli ekanligi yozilgan. Ammo Marshall orollaridan ro‘yxatdan o‘tkazilgan har ikki  korxona ham xuddi “Bashan investment” kabi sirli, tarmoqlarda sahifalari mavjud emas, egasi kimligi, faoliyati qandayligi va mehmonxonaning ulushlari ularga qachon sotilgani aniq emas.

 “Xususiylashtirishga hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmagan. Investorlar tanlanayotganda ularga qo‘yilayotgan shartlar tushuntirilmagan. Investorlar borasida katta xatoga yo‘l qo‘yilgan. haqida ma’lumot berilmagan. Masalan shu mehmonxonaning ham tender savdolarida 6 ta korxona qatnashyapti,ularning orasidan “Bashan Investment Group PTE. LTD” tanlab olindi kabi “osmono‘par og‘iz ko‘pirar” gaplar aytilgan edi. Lekin shundoq internetga kirib qarasangiz bu korzona atigi 4 nafar kishidan iborat, ustav kapitali atigi 20 dollarlik va 2018 yildan beri hech qanday faoliyati ko‘rsatilmagan qog‘ozda bor, amalda yo‘q bitta qandaydir guruh. Balki o‘sha “O‘zbekiston” mehmonxonasiga aloqador bo‘lgan o‘zimizning “qora ko‘zlar”dir. Chunki Singapur bu ofshor zona. U yerda ma’lum bir miqdordagi investitsiya evaziga chet elliklar bemalol korxona ochishi mumkin. Shuningdek, korxona virtual manzilda joylashgan. Qanday qilib “O‘zbekiston”day mehmonxona uchun shunday shubhali mehmonxona g‘olib deb topilishi men uchun juda tushunarsiz holat. Vaholanki bu yerda kimdir kimgadir buyruq bergan, qolganlar esa o‘sha buyruqni bajarishga majbur bo‘lgan. Bu aniq gap”, dedi iqtisodchi.

Hukumatning mehmonxonani sotmoqchiligi haqidagi ilk xabarlar 2018 yilda e’lon qilingan edi. Unda esa O‘zbekiston mehmonxonasining 80,13 foiz davlat ulushi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustda qabul qilgan “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, modernizatsiya va rekonstruksiya qilish majburiyati bilan ommaviy savdolarga qo‘yilishi belgilangan edi. Qarorda yozilishicha, mehmonxonani sotish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasidan va Toshkent shahar hokimligidan chiqqan.

“Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari —Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suhrob Xolmuradov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduxakimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklangan”, deya keltirilgan “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorida.

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hozirgi paytda Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligiga aylangan. Davlat aktivlarini, qonunchilikda belgilangan tartibda, investorlarga sotilishini ta’minlash vazifasi zimmasiga yuklangan qo‘mita raisi S.R. Xolmuradov 2019 yili birdaniga g‘oyib bo‘lib qoldi. 45 yoshli Suhrob Xolmurodov bank boshqaruvchiligidan Bosh vazir o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarila olgan edi. Uning o‘rniga esa ko‘p yillik chinovnik Elyor G‘aniyev tayinlanadi. Ammo ko‘p o‘tmay u ham lavozimni tark etadi. Qo‘mita vazirlik darajasiga ko‘tarilgach Sardor Umurzoqov lavozimga keldi. U Prezident Adminstratsiyasi rahbari etib tayinlangach, o‘rniga Jamshid Xo‘jayev Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bo‘ldi.

Xullas, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham, g‘oyib bo‘lgan Suhrob Xolmurodov, uning o‘rniga kelgan Elyor G‘aniyev, sobiq vazir Sardor Umurzoqov, hozirgi Investitsiyalar vaziri Aziz Voitov, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi raisi Akmalxon Ortiqov ham O‘zbekiston mehmonxonasi uchun yaxshi bir investor topishning, uni sotish kabi mas’uliyatli vazifaning uddasidan chiqa olmadi. 

“O‘sha “biznes egalari” bundan manfaatdor. Chunki sotib olishga hozir ularning rasman imkoniyati yo‘q. Lekin, qachondir sotib olaman deb qo‘ldan kelgancha xaos qiladi, hech kimning qo‘liga o‘tkazmaslikka harakat qiladi.Xohlasa qo‘rqitadi, xohlasa ijtimoiy fikr hosil qiladi. Xullas, hamma ishni to‘xtatib qo‘yadi. Lekin hamma gap davlatning qudrati bormi-yo‘qmi, degan savolga keladi. Yoki shahar bedarvozami? Davlat aktivlarini boshqarishda o‘zi g‘urur bormi? Yoki kim kelsa shunga savol berib yuraveradimi? Hamma savol shunda. Siz keltirgan va o‘zim o‘rgangan ma’lumotlar men uchun dahshat. Men shunchalik parokandalikka tushib ketganimizni bilmagan ekanman”, dedi Abduqodirov.

Mas’ullar uddalagan yagona ish esa mehmonxonaning narxini tushirish bo‘ldi.

Mazkur davlat ulushining narxi dastavval 33 mln dollarni tashkil etib, 3 yil muddatda bo‘lib to‘lash hamda 2 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish sharti bilan tanlov savdolariga chiqarilgandi. Ammo...

“Bugungi kunga qadar 50 dan ziyod mahalliy hamda xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilganiga qaramay hech qaysi bir investor tomonidan mazkur mehmonxonani sotib olish yuzasidan aniq bir taklif berilmadi”, deyiladi Davaktivning bundan 3 yil oldingi rasmiy bayonotida.

O‘sha paytda Agentlik mehmonxonaning sotilmayotganini quyidagicha izohlagan:

“Mehmonxonaning joylashuvi o‘ta qulay, sayyohlarni jalb etish borasida imkoniyatlari keng. Ammo, mazkur davlat aktivining dastlabki narxi bugungi kundagi real holatiga nisbatan ancha baland edi. Mehmonxonaning yillik daromadlari hisob kitob qilinganda ham uni qoplash uchun bir necha 10 yillar kerak bo‘lishi, qolaversa, xonalar balandligi va kengligi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxonalar talabiga to‘g‘ri kelmasligi, bino qurilishida betondan foydalanilgani bois, uni buzib qayta qurishga ham juda ko‘p mehnat va mablag‘ sarf etilishini aytishgan”.

To‘xtang, demak, agar chet ellik tadbirkor mehmonxonani sotib olsa uni butunlay buzib tashlashi ham mumkimi? Axir sal kam 50 yillik bu bino allaqachon Toshkentning tashrif qog‘oziga aylanib ulgurganku. 

“Bu bino nafaqat Toshkentning, balki butun O‘zbekistonning ramziga aylanib qolgan. Bugungi kunda XX asr binolari kamayib ketyapti. Ertaga avlodlarimiz so‘raydi, shunda nimani ko‘rsatamiz? Biz bu binolarni saqlab qolishimiz kerak. Aks holda O‘zbekiston yana bir ramzni yo‘qatishi mumkin”, dedi QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan arxitektor-restavrator Muhammadjon Foziliy.

Garchi mehmonxonaning narxi birdaniga 30 % ga pasaytirilgan bo‘lsada, bu unchalik ham foyda bermadi. Xo‘sh, qonunchilikka ko‘ra shartnoma talablarini buzgani uchun singapur kompaniyasiga hech bo‘lmasa jarima qo‘llash mumkinmi?

Iqtisodchi Abduqodirovning fikricha, buning iloji yo‘q. Chunki korxona virtual manzilli, ustav fondi 20 dollar bo‘lgan korxona. Undan jarimi undirish qiyin. Lekin uning qo‘shiimcha vilishicha, bu vaziyatda Davaktiv agentligini javobgarlikka tortish mumkin.

Bugun jamiyat oldida “O‘zbekiston” mehmonxonasi bilan bog‘liq ikki yirik muammo ko‘ndalang turibdi:

Birinchisi, uni gapida turadigan yoki aniq bir investorga sotish;

Ikkinchisi, tarixiy qiymatini o‘zgartirmagan holda saqlab qolish.

Xo‘sh, agar O‘zbekiston mehmonxonasi yana sotuvga qo‘yiladigan bo‘lsa, bu safar unga mas’uliyatli investor topiladimi? Uni topish mas’ullarning qo‘lidan kelarmikan?

O‘ylaymizki, tenderlarda yana sirli korxonalar sirli tarzda g‘olib chiqaversa, unga doir ma’lumotlar shunday sir saqlanaversa, O‘zbekiston mehmonxonasi bundan keyin ham investorlarda qiziqish uyg‘otmasligi, yana sotilmay qolishi mumkin. Savdo jarayoni shaffof va ochiq o‘tadigan bo‘lsa, barcha ma’lumotlar ro‘y-rost aytiladigan bo‘lsa, bizning fikrimizcha, maqsadga erishishsa bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

183

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing