O‘zbekiston muvozanatni saqlashga majbur – AQSH elchisi Toshkentning Ukraina urushidagi pozitsiyasi haqida

Jamiyat

image

AQSH O‘zbekistonning Ukraina mojarosidagi pozitsiyasini tushunadi va hurmat qiladi. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida so‘z ochgan

Jurnalist elchidan O‘zbekistonning strategik sherigi sifatida Ukraina mojarosida uning pozitsiyasini qanday tushunishi va Toshkent qanday yo‘l tutayotgani haqida so‘ragan.

“Tushunaman va bu pozitsiyani hurmat qilaman, chunki O‘zbekiston naqadar murakkab vaziyatda ekanini anglaymiz. Geografik va tarixiy omillar bor. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur. Savdo aloqalari va sarmoya, shuningdek Rossiyada mehnat migrantlari ham bor. Ular yuboradigan mablag‘ mamlakat iqtisodi uchun salmoqli sarmoya. O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalalari bu. Biz buni tushunamiz”, deydi Rozenblyum. 

Elchi Ukrainadagi murakkab vaziyat haqida ko‘p to‘xtalmoqchi emasligi, ammo AQSH tomoni hamisha suverenitet va mustaqillik, hududiy yaxlitlikni e’zozlashi hamda ularni himoya qilishini aytib o‘tgan. 

“Suverenitet va mustaqillik, hududiy yaxlitlik – dunyo barqarorligi uchun o‘ta muhim xalqaro prinsiplar. Ular chetga uloqtirilsa, buzilsa, qudratliman degan davlat boshqasini vayron qiladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida shuni ko‘ryapmiz. Fikrimcha, bu prinsiplar O‘zbekiston uchun ham chuqur ahamiyat kasb etadi. Bunga uning 30 yilda bosib o‘tgan mustaqillik yo‘lidan guvohmiz”, deydi u.

Bundan tashqari, Rozenblyum O‘zbekiston va AQSH bir-birining pozitsiyalarini tushunishi uchun ochiq gaplashib turishi kerakligini urg‘ulagan. 

“Tashqi ishlar vaziri [Abdulaziz] Komilovning yaqindagi bayonotini tingladik. Nazarimda u tushuntirgan siyosat asosli, mantiqli va aniq. Shunday ekan, savolingizga javobim: Albatta, bu siyosatni tushunamiz. O‘zbekiston bilan dunyodagi, shu jumladan, mintaqadagi hozirgi muammolarga qarshi birgalikda kurashishga bel bog‘laganmiz”, deydi elchi. 

Eslatib o‘tamiz, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini aytgandi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishini hamda Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmaganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

208

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing