O‘zbekiston milliy universiteti qoshida “O‘zsanoatqurilishbank” innovatsion markazi ish boshladi
Biznes
−
24 dekabr 2021
6087Joriy yilning 23 dekabr kuni “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti qoshida tashkil etilgan innovatsion markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bank va universitet rahbariyati, ilmiy xodimlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
2020 yil 13 fevralda “O‘zsanoatqurilishbank” hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Unga ko‘ra, BPR metodologiyalari hamda BI tizimini joriy qilgan holda bank sohasiga oid innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish, internet va mobil bankingni rivojlantirish, biznes protsesslar va boshqaruv sifatini oshirish hamda optimallashtirish maqsadi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, memorandum asosida tomonlar o‘rtasida axborot xavfsizligini ta’minlash va yangi dasturiy tizimlarni ishlab chiqish sohasida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalari ham belgilab olingan.
Shu maqsadda universitet qoshida “O‘zsanoatqurilishbank” innovatsion markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Buning uchun oliygohning Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti binosidan ajratilgan maxsus auditoriya to‘liq zamonaviy standartlar darajasida jihozlandi. Ilg‘or kompyuter-texnik vositalar hamda dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zsanoatqurilishbank” tizimida xodimlar zaxirasini shakllantirishda jahon tajribasida keng qo‘llaniladigan uslublardan samarali foydalanib kelinadi.
Bu borada Bank qator oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq yillik hamkorlik munosabatlarini olib borib, o‘z jamoasini iqtidorli, tashabbuskor, yuqori salohiyatli hamda xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirgan yosh kadrlar bilan butlab bormoqda.
O‘zbekiston milliy universiteti qoshida “O‘zsanoatqurilishbank” innovatsion markazini tashkil etishda ham tomonlarning teng manfaatdorligi inobatga olingan. Xususan, markaz faoliyati respublikamiz bank-moliya sohasiga axborot xavfsizligi va iqtisodiy matematika yo‘nalishida kadrlar tayyorlash va ishga jalb qilishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Business Process Reengineering (BPR) – bu biznesni boshqarish strategiyasi bo‘lib, tashkilot faoliyatidagi ish oqimlari va biznes jarayonlarini tahlil qilish hamda loyihalashga mo‘ljallangan. BPR tashkilotlarga o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, mijozlarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, operatsion xarajatlarni kamaytirish va jahon miqyosidagi raqobatchilarga aylanishda ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.
Business intelligence (BI) – menejerga o‘z kompaniyasi va uning muhiti haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilishda yordam berish uchun mo‘ljallangan dasturiy ta’minot. BI vositalarining aksariyati oxirgi foydalanuvchilar tomonidan ko‘pincha omborda, ma’lumotlar bozorida yoki onlayn ma’lumotlar omborida joylashgan ma’lumotlarga kirish, tahlil qilish va hisobotlarni yaratish uchun ishlatiladi. Ilovalarni ishlab chiquvchilar BI vositalari hisoblanmaydigan BI ilovalarini yaratish va joylashtirish uchun BI platformalaridan foydalanadilar.
Bank Axborot xizmati
Reklama huquqi asosida
LiveBarchasi