O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etilmoqda
Sport
−
18 may 2021
5241O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi. O‘zbekiston Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida shu haqida ma’lum qilingan.
Qarorga ko‘ra, Paralimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Paralimpiya qo‘mitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- paralimpiya sport turlarini ommaviylashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
- yozgi va qishki paralimpiya sport turlarini rivojlantirishga ko‘maklashish, sport ob’ektlari va inshootlarining konsepsiyalari, texnik topshiriqlari, texnik-iqtisodiy asoslari/parametrlari va boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
- paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanadigan trenerlar, uslubchi-yo‘riqchilar hamda boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish;
- respublikada yoki boshqa xalqaro sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) va boshqa tashkilotlarida o‘z a’zolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, o‘z a’zolarini axborot, ilmiy-uslubiy va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash;
- paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha klublar faoliyatini tashkillashtirish va samarali boshqarish, milliy va xalqaro sport tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va tajriba almashish.
Bundan tashqari, Prezidentning yangi qarori bilan paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Paralimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
LiveBarchasi