O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng xavfsiz davlati deb topildi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2022
7284O‘zbekiston Global Peace Index (Global tinchlik indeksi) reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng xavfsiz davlat deb topildi. Reytingda oxirgi o‘rin Afg‘onistonga nasib qildi.
Ushbu indeks birinchi marta 2007 yil may oyida hisoblab chiqilgan. Bu dunyo mamlakatlarini hayot xavfsizligi bo‘yicha toifalarga ajratishga bo‘lgan birinchi urinish edi.
G‘oya muallifi avstraliyalik tadbirkor Stiv Killele bo‘lib, u, xususan, Dalay Lama va AQSHning sobiq Prezidenti Jimmi Karter tomonidan ma’qullangan.
Global tinchlik indeksi har yili Tinchlik instituti xalqaro ekspertlar guruhining sotsiologlari va iqtisodchilari tomonidan Sidney universiteti huzuridagi Tinchlik va mojarolarni o‘rganish markazi bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Yakuniy indeksni tuzish uchun mutaxassislar quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘rganadilar:
• ichki va tashqi nizolar, ularning intensivligi va qurbonlar soni;
• qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar;
• qochqinlarning aholi sonidagi ulushi;
• fuqarolar o‘rtasidagi ishonchsizlik darajasi;
• siyosiy beqarorlik va jamoat tartibi;
• siyosiy terror;
• terrorchilik hujumlari chastotasi;
• 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan qotilliklar soni;
• mahkumlar soni;
• og‘ir jinoyatlar ulushi;
• huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining soni;
• harbiy xarajatlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi;
• qurol importi va eksporti;
• BMT kontingentlari yoki boshqa kuchlarda ishtirok etish;
• o‘q otish qurollarining mavjudligi va og‘ir qurollarning miqdori;
• qurolli kuchlarni modernizatsiya qilish.
2022 yil holatiga ko‘ra, reytingga kiritilgan 163 davlat orasida Afg‘oniston oxirgi o‘rinda. Rossiya 160-o‘rinni egallagan (Rossiya qurolli kuchlari olti oydan beri maxsus harbiy operatsiya o‘tkazayotgan Ukraina esa 153-o‘rinda). Bu uchala davlat ham eng xavfli davlatlar guruhiga kirgan.
Turkmaniston 104, Qozog‘iston 97, Tojikiston 92, Qirg‘iziston 91, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng xavfsiz davlat sifatida 86-o‘rinni egalladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyoning barcha respublikalari Isroil, AQSH va Turkiya kabi davlatlarga qaraganda xavfsizroq bo‘lib chiqdi.
Reytingning dastlabki uch pog‘onasini Islandiya, Yangi Zelandiya va Irlandiya egallagan.
LiveBarchasi