O‘zbekiston “koronavirus bo‘roni”dan jabr chekkan Hindistonga yordam yubordi
Jamiyat
−
02 may 2021
7583Avvalroq Hindistonda “koronavirus bo‘roni” kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, joriy yilning 1 may kuni Dehli shahriga insonparvarlik ko‘magi yetkazildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, mobil kislorod konsentratorlari to‘plamlari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan turli dori vositalaridan tarkib topgan insonparvarlik yuklari Dehli aeroportida O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov tomonidan mazkur mamlakat Qizil Xoch jamiyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakillariga topshirilgan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Yevroosiyo Departamenti direktori o‘rinbosari Bandaru Vilsonbabu Hindistondagi joriy sanitar-epidemiologik holat keskin og‘irlashgan bir vaqtda O‘zbekiston Rahbariyati tomonidan birinchilardan bo‘lib insonparvarlik yordamini yuborish haqida qaror qabul qilingani O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida faol hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanini namoyish etish bilan birga O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi mavjud strategik sherikchilik aloqalarining amaldagi yaqqol isboti ekanini e’tirof etgan.
“Bugun do‘st va birodar O‘zbekiston hukumati tomonidan jo‘natilgan insonparvarlik yuklarini qabul qilib olmoqdamiz. O‘zbekiston va Hindiston azal-azaldan yaqin qo‘shni, sinalgan do‘st va hamkor davlatlar hisoblanadi. Mamlakatlarimiz an’anaviy ravishda turli masalalarda bir birini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan va bugun o‘zbekistonlik do‘stlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami xalqlarimizning samimiy do‘stligi, bir-biriga bo‘lgan ishonchi va hurmatidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyati va hukumatiga ushbu murakkab va og‘ir damlarda hind xalqiga ko‘rsatilgan oliyjanob ko‘mak uchun samimiy minnatdorligimizni bildiramiz”, deydi Hindiston vakili.
Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi Hindiston hukumati o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bu og‘ir damda favqulodda yordam sifatida yuborilgan materiallar samimiy xayrixohlik belgisi o‘rnida qadrlashini ma’lum qilgan. Pandemiya inqirozi davrida gumanitar hamkorlik Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Hindiston 2020 yilda O‘zbekistonga COVID-19 bilan og‘rigan odamlarni davolash uchun ishlatiladigan tibbiy preparatlar, jumladan, gidroksiklorokin tabletkalari va boshqa dori-darmonlar yuborgan edi. 2021 yilning mart oyida O‘zbekiston COVAX tashabbusi doirasida Hindiston zardob instituti tomonidan ishlab chiqarilgan 660 ming doza vaksinani qabul qilib oldi.
LiveBarchasi