O‘zbekiston KXDRni “yanchib” tashladi: 4:0
Jamiyat
−
07 iyun 2019
3937O‘zbekistonlik muxlislar tomonidan uzoq kutilgan O‘zbekiston terma jamoasi va KXDR terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuv o‘z nihoyasiga yetdi. Toshkent shahrida joylashgan “Milliy” stadionida o‘tkazilgan o‘yin bir-biridan farqlanuvchi ikki taym bilan muxlislar xotirasida saqlanib qoladigan bo‘ldi.
Uchrashuvning birinchi taymida o‘zbek futbolchilari maydonda to‘la ustunlik bilan harakat qilishdi. Qolaversa, koreyalik futbolchilarning 140 kundan beri o‘yin amaliyotisiz qolayotganliklari ta’sir ko‘rsatdimi, sharqiy osiyoliklarning o‘yini umuman qovushmadi.
O‘zbekistonliklarning o‘yin davomida uyushtirgan hujumchilari taym yarmida o‘z samarasini berdi. Kutilmaganda koreyalik himoyachining to‘p yuqotishi markazdan tezkor hujum uyushtirilishiga olib keldi. To‘p bilan jarima maydoniga kirib borgan Doston Ibragimovni mehmonlar himoyachisi qo‘pollik bilan to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
O‘yinni boshqarib borayotgan hakam ikkilanmay 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Belgilangan penaltini O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov aniq amalga oshirgan holda hisobni ochdi. Shundan so‘ng, goldan ruhlangan o‘zbekistonliklar bir qancha hujumlarni amalga oshirgan bo‘lishsa-da, boshqa hisob o‘zgarmadi. Birinchi taymda hisob O‘zbekiston – KXDR 1:0.
Ikkinchi taymni koreys futbolchilari biroz faollik bilan boshlashdi. Dastlabki 10 daqiqalikda ular O‘zbekiston terma jamoasi jarima maydoni atrofida to‘pga ko‘proq egalik qilishdi. Bir marta salkam 25 metrlar masofadan shimoliy koreyalik futbolchi to‘pni darvozaga kuch bilan yo‘lladi. Sanjar Quvvatovning mahorati hisob tenglashishining oldini olib qoldi.
Xavotirli 10 daqiqlikdan so‘ng o‘zbekistonliklar o‘zlariga kelishdi va hujumlar soni keskin osha boshladi. Uchrashuvning 60 daqiqalariga kelib hujumlar samara beravermagach, Ektor Kuper hujumchilarni almashtirishga qaror qildi. Maydon chizig‘i yonida Igor Sergeyevning paydo bo‘lganini ko‘rgach, almashtirilishini sezib qolgan o‘zbekistonliklar forvardi Temirxo‘ja Abduxoliqov sheriklari tomonidan uzatilgan ajoyib pasni golga aylantirdi va maydondagi o‘rnini sherigiga bo‘shatib berdi.
Goldan ko‘p o‘tmay zahiradan maydonga tushgan Sergeyev ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Taymning qolgan qismini ham o‘zbek futbolchilari hujumkorlikda o‘tkazishdi. Buning samarasi o‘laroq, uchrashuvga qo‘shib berilgan ikkinchi daqiqada himoyachi Doston Tursunov yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:0.
LiveBarchasi