O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan ozarbayjonlik Gulyanaq Mammadova kim?

Madaniyat-san’at

image

Kecha, 29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi.

E’tiborlisi atoqli san’at arboblariga teatr, musiqa, kino, estrada, sirk, televideniye va radio eshittirishni rivojlantirishdagi, respublikada ijodiy kadrlarni tayyorlash va tarbiyalashdagi alohida xizmatlari uchun beriladigan “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoniga bu yil birorta ham o‘zbekistonlik san’atkorlar loyiq topilmagan.

Bugun, 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat  Mirziyoyev “Ozarbayjon Respublikasining bir guruh fuqarolarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni ham imzolagan bo‘lib, ular orasida “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan Rashid  Beybutov nomidagi Ozarbayjon davlat musiqa teatri vokalisti Gulyanaq Zakir qizi Mammadova taqdirlangan.

Gulyanaq Mammadova kim?

Gulyanaq Mammadova 1973 yilning 10 iyun kuni Sheki tumanidagi Buyuk-Daxna qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1990 yilda o‘rta maktabni tamomlagandan so‘ng 1992-1996 yillarda Ozarbayjon Milliy Konservatoriyasi qoshidagi musiqa kollejida tahsil oldi. Ozarbayjon davlat madaniyat va san’at universitetining Teatr va kino musiqiy aktyori yo‘nalishida tahsilni davom ettirgan olgan xonanda, 2002 yilda universitetning magistratura bosqichini tamomlagan.

1990-1992 yillarda Sheki viloyat Madaniyat uyida ishlagan. 1993 yildan Rashid Beybutov nomidagi Ozarbayjon davlat musiqiy teatrida vokal ijrochi bo‘lib ishlagan. 1995 yildan 1997 yilgacha u Shvetsiyada bo‘lib o‘tgan Malmyo festivalida ishtirok etgan, 2000 yilda Germaniyaning Gannover shahrida o‘tkazilgan EXPO-2000 ko‘rgazmasida va ana shu yilning o‘zida Turkiyadagi Bosfor festivalida qatnashgan.

2001-2002 yillarda “Baku-Tbilisi-Jayhan” neft quvurini targ‘ib qilish guruhining konsert dasturida, 2002 yilda Ozarbayjonning Yevropa Kengashiga a’zo bo‘lganining 1 yilligi munosabati bilan Fransiyaning Strasburg shahrida Ozarbayjon nomidan qatnashgan. 2002-2003 yillarda Moskvada bo‘lib o‘tgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari”da Ozarbayjon milliy madaniyatini namoyish etgan. 2004 yilda Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan Navro‘z bayramida chiqish qilgan.

U Shvetsiya, Turkiya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova va Avstriyada o‘zining konsert dasturlarini namoyish etgan.

Xonanda Gulyanaq Mammadova:
1998 yilda “Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist”
2014 yilda “Ozarbayjon xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangan.

Qolaversa, 2012 yilda Ozarbayjonda “Prezident mukofoti”ni qo‘lga kiritgan.

Gulyanaq Mammadova O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Ozarbayjon madaniyati kunlari”da faol ishtirok etib kelgan, jumladan 2018 yilning sentyabr oyida Toshkent shahrida, 2021 yilning oktyabr oyida Nukus shahri va Xorazm viloyatida, 2022 yilning aprel oyida Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda  maqom, mug‘om, klassik va xalq qo‘shiqlarini ijro etgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilohim Aliyev O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayevani “Ozarbayjon Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing