O‘zbekiston Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zo bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining (TMXI) 92-a’zosiga aylandi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida ittifoqqa birinchi bo‘lib qo‘shildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

“Biz O‘zbekistonning TMXIga kirishini nishonlashdan mamnunmiz hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va mamlakatdagi boshqa sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga intilamiz”, deydi TMXIning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Boris Erj. 

Tashkilot saytida qayd etilishicha, TMXI O‘zbekistonni tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, jumladan, bioxilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklashda qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, bu esa milliy ekologik maqsadlarga erishishga yordam beradi, shu bilan birga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashishga hissa qo‘shadi.

“Biz birgalikda o‘rganayotgan hamkorlikning potensial yo‘nalishlari qatoriga ekologiya siyosati, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar milliy tarmog‘ini kengaytirish va sifatini ta’minlash, “Qizil ro‘yxat” indekslarini ishlab chiqish, yerni kompleks boshqarish va ekotizimni tiklash kiradi”, deydi Boris Erj.

O‘tgan hafta Ekologiya davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tashkilotning Shveysariyadagi shtab-kvartirasida bo‘lib, u yerda TMXIning rivojlanish guruhi global direktori Enrike Lamann bilan uchrashdi. Tomonlar, jumladan, kelajakdagi qo‘shma grant loyihalarini muhokama qilgan.

Ma’lumot uchun, TMXI 1948 yilda YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan. Ittifoqqa 120 ta davlat tashkiloti va (O‘zbekiston qo‘shilishi bilan) 92 ta davlat a’zo hisoblanadi. Ittifoqda ishtirok etish O‘zbekistonga Global ekologik fond (GEF) va Yashil iqlim jamg‘armasi (Giq) (TMXI ushbu tashkilotlarning akkreditatsiyalangan agentligi hisoblanadi) tomonidan ekologik loyihalar uchun grant mablag‘larini jalb qilish, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi strategik hujjatlar ishlab chiqishda TMXI xalqaro standartlarini qo‘llash imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing