O‘zbekiston kelajaklari loyda to‘p tepadi. Xorazmdagi mahalla qachon obod bo‘ladi?

Jamiyat

QALAMPIR.UZ tahririyatiga Xorazm viloyati Urganch tumani Qoramon qishlog‘ida yashovchi bir guruh fuqarolar murojaat qildi. Murojaatda ular yashaydigan Ohunboboyev mahalla fuqarolar yig‘inidagi asfalt, bolalar maydonchasi, suv, axlat bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar aks etgandi.

O‘zbekistonda 2009 yil “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb e’lon qilingandi. Qishloq joylarda insonlarning hayotini yaxshilash uchun yangi ko‘rinishdagi, barcha sharoiti ta’minlangan namunali uylar qurish belgilangandi. 2009 yil 3 avgust kuni PQ-1167 sonli “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingandi. Keyinroq mazkur qaror asosida “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida uy-joylar qurishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori ham qabul qilingandi.

Sodda qilib tushintirsam. Siz buyurtmachi sifatida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan shartnoma imzolaysiz. Shartnomaga ko‘ra, pulning ma’lum qismini avvaldan avans tariqasida to‘laysiz. Ular ma’lum muddatda uyning barcha sharoitlari bilan talab darajasida qurilishini ta’minlaydi. Siz ham shartnomada kelishilgan muddat ichida qolgan summani to‘lashingiz kerak bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ohunboboyev mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar 2012 yil shartnoma asosida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankiga avans tariqasida 40 million so‘m miqdorida pul mablag‘i to‘lashgan. Belgilangan muddatda qolgan qismini ham to‘lashgan. Biroq qurilish tashkiloti o‘z va’dalarini oxirigacha bajarmagan.

Mahallaga kiraverishdagi axlat tashlash maydoni to‘liq bitkazilmagan va axlat to‘planishi uchun zarur bo‘lgan idishlar o‘rnatilmagan. Axlat uyum bo‘lib yotibdi. Mahalladagi piyodalar uchun qurilgan beton yo‘lak asfaltdan ancha yuqori qurilgan. Bu yo‘lda harakatlanadigan aholi uchun noqulaylik tug‘dirmoqda. Mahallaning katta magistral yo‘lga tutash qismiga yarim-chala asfalt yotqizilgan. Lekin mahallaning ichki qismiga kirsangiz, bir nechta ko‘chaga asfalt yotqizilmagan. Vaholanki, fuqarolarga ko‘rsatilgan loyihada uning asfaltlanishi va to‘liq ta’mirdan o‘tkazilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Uylarning ma’lum bir qismi dov-daraxt, ko‘chatlar ekish uchun moslashtirilgan. Biroq ko‘chalarga oqar suv keltiruvchi ariqlar kovlanmagan. Aholi o‘zlari ekkan ko‘chatlarni ichimlik suvi yoki avtomat tarzda yer ostidan chiquvchi quduq suvi bilan sug‘oradi.

“Yillar davomida muammolarimiz yuzasidan bir nechta tashkilotlarga murojaat qildik. Natija yo‘q. Yog‘ingarchilik vaqti yo‘llarimizdan yurib bo‘lmaydi. Loyga botamiz. Bolalarimiz shu loylarda o‘ynashmoqda. Bolalar maydonchasi ham umuman yo‘q.

Boshqa joylardagi namunali uylarga sharoit qilib berishgan. Lekin bizda mana shunday achinarli ahvol”, deydi mahalla faollaridan biri. Fuqarolarga ko‘ra, ular yashab turgan hudud “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan. Biroq hozirgacha hech qanday natija yo‘q. O‘zbekiston kelajaklari esa loy ichida to‘p tepishda davom etmoqda.

Murojaatdan so‘ng, Urganch tuman hokimi Frunze Sharipovga bog‘landik. Tuman hokimi mazkur hududdagi muammolardan xabari borligi, hokimlik vakolatida bo‘lganlari ular tomonidan ijobiy hal etilishi, ammo bir vaqtlari qurilish tashkiloti tomonidan ish oxirigacha yetkazilmagani fuqarolarda noqulayliklar vujudga keltirayotganini tushuntirdi. 

Shuningdek, mazkur mahalla “Obod mahalla” dasturiga kiritilganini bildirdi. So‘ng “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan telefon orqali bog‘lanishga urindik. Ammo urinishlarimiz besamar ketdi.

Mahalla muammolari qachon bartaraf etiladi? Tuman hokimi ushbu mahalla “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilganini aytmoqda. Mahalla qachon obod bo‘ladi? Aslida ko‘chalarni to‘liq asfaltlash ishlari “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi vazifasi bo‘lganligini aytishmoqda. Kompaniya o‘zidan qolgan dog‘ni qachon ketkazadi? Shartnoma shartlarini qachon to‘liq bajaradi? Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlar qanday xulosa beradi? 

Hozircha savollar ochiq qolmoqda. QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

54

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing