O‘zbekiston Karimov qurilishiga qarshi bo‘lgan GESdan elektr sotib oladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tojikiston bilan yozda “Rog‘un” gidroelektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotib olish rejalari bo‘yicha memorandumni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston tomonining ma’lum qilishicha, “Rog‘un” GESning barcha agregatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayoni davom etmoqda.

Elektr energiyasini yetkazib berish shartlari, rejimlari, hajmlari va tariflari joriy yil oxirigacha imzolanishi rejalashtirilgan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha alohida shartnoma doirasida ko‘rib chiqiladi. Shartnoma esa 10 yil muddatga tuziladi.

Ma’lumot o‘rnida, “Rog‘un” GESining to‘g‘onini qurish 1976 yilda boshlangan, ammo Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin to‘xtatilgan. 1991 yildan keyin O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham “Rog‘un” GES qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.

O‘ttiz yil davomida esa to‘g‘onda faqat dastlabki qurilish ishlari olib borilgan. Uning munozarali holati hamda Jahon banki hisobotlari kechikkani sababli qurilish 2012 yil avgust oyida to‘xtatilgan. Loyiha Tojikiston hukumati tomonidan 2017 yilda qayta boshlangan. Elektr stansiyasining birinchi energiya bloki 2018 yil noyabr oyida ishga tushirilgan. 

Vaxsh daryosidagi stansiyalar kaskadida joylashgan “Rog‘un” GES har biri 600 MVt quvvatga ega oltita blokga ega. Umumiy quvvati 3600 MVt (17 milliard kVt/soatdan ortiq) teng va 335 m balandlikda qurilayotgan “Rog‘un” dunyodagi eng baland tosh to‘g‘on hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

751

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing