O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov vafot etdi
Jamiyat
−
06 iyun 4852 3 daqiqa
Bugun, 6 iyun kuni yozuvchi va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Ibrohim G‘ofurov – 1937 yil 27 dekabrda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach, 1956-1961-yillara SAGU (hozirgi O‘zMU) ning filologiya fakultetida o‘qigan. 1961-1982 yillarda Davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrir, tahririyat mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2025 yil Ogahiy nomidagi Xalqaro badiiy tarjimonlik tanlovida jahon nasridan o‘zbek tiliga tarjima yo‘nalishi bo‘yicha taqdirlangan.
Mumtoz adabiyot, folklor, adabiy tanqid, badiiy tarjima, ko‘p tomlik asarlarning nashr etilishida munosib hissasini qo‘shgan. 1982-1995 yillarda “O‘zbekiston adabiyot va san’ati” gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1995 yilda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini tashkil etgan. U mazkur partiyaning raisi (1996 yildan), “Milliy tiklanish” gazetasining bosh muharriri bo‘lgan.
Ibrohim G‘ofurov “Go‘zallikning olmos qirralari” (1964) “Unutilmagan bog‘” (1965), “Joziba” (1970), “Yonar so‘z” (1973), “Yam-yashil daraxt” (1976), “Yurak-alanga” (1980). “Lirikaning yuragi” (1982), “She’riyat – izlanish demak” (1984), “O‘ttiz yil izhori” (1987), “Dil erkinligi” (1998) singari adabiy tanqidiy, badia kitoblar muallifi. U “Darvoza”, “Humo qushim”, “Qaldirg‘ochim” singari she’riy nasrlar yoxud mansuralari bilan e’tibor qozongan. “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan muallifning 20 jildlik asarlari nashr etish rejalashtirilib, hozirgacha 8 jildi chop etilgan.
Ibrohim G‘ofurov jahon adabiyotidan Mopassanning “Azizim” asari bilan tarjimonlik olamiga kirib keladi. Keyinchalik “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, ,“Aka-uka Karamazovlar”, “Iblislar”, “Ayrilmas er” (F. Dostoyevskiy), “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz” (E.Xeminguey), “Qiyomat”, “Chingizxonning oq buluti” (Ch. Aytmatov), “Yong‘in” (V. Rasputin), “Buzrukning kuzi” (G. G. Markes) singari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Eng mashhur tarjimasi Jeyms Joysning “Uliss” shox asaridir.
Ibrohim G‘ofurov filologiya fanlari nomzodi (1973), O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti (1989) laureati, “Do‘stlik” ordeni sohibi (1995). 1996 yildan u I va II chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati. Parlamentda “Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari, 2000 yildan Oliy Majlis matbuot va axborot qo‘mitasi raisi o‘rinbosari. 2021 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Janoza namozi ertaga, 7 iyun kuni bomdod namozidan so‘ng Hazrati imom (Hastimom) jome masjidida o‘qiladi. Marhum Teshik qopqoq qabristoniga qo‘yiladi.
QALAMPIR.UZ marhumning oila a’zolari va yaqinlarga hamdardlik bildiradi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun